FQB AQSh prezidenti Barak Obamaning joniga qasd qilmoqchi bo`lgan Massachusets shtatida yashovchi erkakni qamoqqa oldi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.
40 yoshli gumonlanuvchi, Jozef Gargyulo qamoqqa olingandan keyin uyi tintuv qilinganda, qurol-yaroq, katta miqdordagi o`q-dorilar zahirasi va portlovchi moddalar topilgan. U shanba, 27 avgust kuni qo`lga olingan.
Tergov bergan ma`lumotga ko`ra, Jozef Gargyulo AQSh prezidentini Martas-Vin`yardda mehnat ta`tilida golf o`ynayotganda o`ldirmoqchi bo`lganini tan olgan. Bundan tashqari, u maxsus xizmat xodimlariga va musulmonlarga ham hujum uyushtirishni rejalashtirgan.
Hujjatlarda Jozef Gargyuloning ruhiy kasal ekanligi eslatib o`tilgan, u steroidlar iste`mol qilishi ham taxmin qilingan. Erkakka nisbatan noqonuniy ravishda qurol-yaroq saqlash aybi qo`yilgan.
Jozef Gargyulo AQSh da qora tanli prezidentning joniga qasd qilmoqchi bo`lgan yagona odam emas. Jinoyatchilarning aksariyat qismi ruhiy kasallar bo`lgan.





