AsosiyJamiyat

IT-mutaxassislarga iste`mol krediti ajratish tartibi tasdiqlandi

'IT-mutaxassislarga iste`mol krediti ajratish tartibi tasdiqlandi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining 26.10.2022 yildagi "Yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlari kengaytirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi 617-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan amaldagi qonunchilikka ko`ra, yoshlar uchun kompyuter xarid qilish maqsadida iste`mol kreditlarini ajratish tartibini belgilovchi o`zgartirishlarni kiritish nazarda tutilgan.

Ma`lumot uchun: 2022 yil 1 noyabrdan boshlab AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATB ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu o`quv kurslarini so`nggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, O`zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) xarid qilish uchun BHMning 25 baravaridan ko`p bo`lmagan miqdorda iste`mol kreditlari ajratishni boshlaydi.

Bunda kompyuter xarid qilish uchun ajratiladigan iste`mol kreditlari bo`yicha foiz to`lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravarigacha qismi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi hisobidan kompensasiya qilinadi.

Tartibga ko`ra:

1. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o`quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan, shuningdek IT-park rezidentining o`quvchisi yoki bitiruvchisi bo`lgan 31 yoshga to`lmagan O`zbekiston fuqarosi yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxs (14 yoshdan 16 yoshgacha bo`lgan shaxs nomidan uning vakili) tegishli sertifikat berilgandan boshlab 6 oy mobaynida istalgan davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP orqali sertifikatni ilova qilgan holda murojaat etadi;

2. Yoshlar ishlari agentligi 5 ish kuni ichida ko`rsatilgan sertifikatni verifikasiyadan o`tkazib, ma`lumotlar tasdiqlanganda kompensasiya to`lab berish haqida ma`lumotnoma beradi va murojaatchilar ro`yxatini avtomatik tarzda bankka taqdim etadi;

3. AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATB kelib tushgan murojaatlarni ko`rib chiqadilar va ular ma`qullangan taqdirda tegishli kompyuter texnikasini etkazib beruvchilarga kompyuter qiymati summasini o`tkazib beradilar. 

Hujjat Qonun hujjatlari milliy ma`lumotlar bazasida e`lon qilingan va 26.10.2022 yildan kuchga kirgan.

    Boshqa yangiliklar