Tibbiyotda ayrim bemorlarni davolash uchun sun`iy gormon dori vositalaridan foydalaniladi. Biroq har qanday farmasevtik mahsulot kabi mazkur preparatlarning ham inson organizmiga salbiy ta`siri kam emas. Ayniqsa, gormonal vositalarni noto`g`ri qo`llash va o`zboshimchalik bilan qabul qilish organizmda tuzatib bo`lmas salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Xususan, xotin-qizlar, homilador ayollar ushbu dorilardan mutaxassis nazoratisiz foydalanishi juda xavfli.
Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati Respublika perinatal markazi direktori Nilufar O`rinboeva bu borada o`z mulohazalari bilan o`rtoqlashdi.
— Gormonal dori vositalari ayollarda ko`pgina ginekologik kasalliklar va hayz sikli buzilishining oldini olishda shifokor tomonidan buyuriladi, — deydi mutaxassis. — Faqat ularni qabul qilish mutaxassisning qat`iy nazorati va kuzatuvi ostida bo`lishi zarur.
Chunki noto`g`ri va palapartish gormon terapiyasidan foydalanish ayollar sog`ligida jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Jumladan, bunday preparatlarni noo`rin qo`llash xotin-qizlarning tana vazni oshishiga ta`sir qiladi. Qolaversa, yurak-qon tomir xastaliklari rivojlanishi xavfini oshiradi.
Shuningdek:
- oshqozon-ichak trakti kasalliklari;
- allergik reaksiyalar;
- xavfli va xavfsiz o`smalarning rivojlanishi;
- asab va ruhiy buzilishlar;
- tanada suyuqlik to`planishi;
- tuxumdonlarda kistalarning shakllanishi;
- temir tanqisligi;
- tromboz kabi kasalliklar ham aynan gormonlarni noo`rin qo`llash oqibatida yuzaga kelishi mumkin.
Bundan tashqari, tanada lipidlar almashinuvining buzilishi, jigar kasalligi, bachadon hamda vaginal qon ketish, malign neoplazm holatlarida ayollar uchun gormonal terapiya o`tkazish aslo mumkin emas. Bronxial astma, epilepsiya, migren bilan og`rigan ayollarga esa bu muolaja ehtiyotkorlik bilan buyurilishi lozim.
Eng asosiysi, gormonal dorilardan bemor opa-singillarimiz mustaqil yoki yaqinlarining maslahati bilan foydalanmasligi zarur. Aks holda, yuqorida ta`kidlaganimizdek, bu holat tuzatib bo`lmas oqibatlarga olib keladi.