Qonunchilik palatasida Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga qo`shimchalar kiritishga oid qonun loyihasi ko`rib chiqilmoqda. Bu haqda deputat Rasul Kusherbaev xabar bermoqda.
Ta`kidlanishicha, yangi kiritilayotgan 197-7-moddaga ko`ra, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to`sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta`sir o`tkazish – fuqarolarga BHMning besh baravaridan etti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — etti baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi.
Ushbu huquqbuzarliklarni jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan 3 kunlik muddatda ko`rib chiqish taklif qilinmoqda.
Ma`lumot uchun: ️2019-2022 yillar davomida O`zbekistonda 290 ga yaqin holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan.
Xalq vakilining qayd etishicha, Rossiya va Qozog`iston Respublikasining MJtKda tibbiyot xodimi faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun alohida javobgarlik nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi tashabbus huquqi asosida Bosh prokuror tomonidan kiritilgan.
"️Shaxsan men ushbu loyihani qo`llab-quvvatlayman va bu tibbiyot xodimlarga nisbatan tajovuzlarni bartaraf etishda katta profilaktik ahamiyatga ega bo`ladi, deb hisoblayman", - deydi deputat.






