Bugun ertalab soat 9:00 dan boshlab "Chevrolet Onix" avtomobilini sotib olish uchun shartnoma tuzish boshlandi va soat 13:45 holatiga ko`ra, 13566 dan ortiq shartnomalar imzolandi. Jami tuzilgan shartnomalarning 55 foizi Onix`ning LTZ Turbo AT komplektasiya uchun tuzilgan bo`lib, xaridorlar orasida ommabop bo`ldi.
Shuningdek, doimgidek bir shaxs nomiga ikki va undan ortiq avtomobil xarid qiladiganlarning yuqori ulushi kuzatilmoqda: 7 380 nafar xaridor, bu xaridorlar sonining 45% dan ortig`ini tashkil etadi.
Qayd etish joizki, “tadbirkorlar”ning oson daromad topishga bo`lgan yuqori qiziqishi, eng avvalo, o`z ehtiyojlari uchun avtomobil sotib olmoqchi bo`lgan iste`molchilar uchun noqulayliklarni yuzaga keltirib, ortiqcha talabni shakllantiradi.
Shuningdek, "UzAuto Motors" “biznesmenlar”ning emas, aksincha aholi ehtiyojlarini qondirish uchun prioritetlar tizimini joriy qildi. Unga ko`ra, avtomobillar qayta sotish uchun emas, balki shaxsiy ehtiyoji uchun avtomobil sotib olayotgan mijozlarga avtomobillarni etkazib berishni birinchi o`ringa qo`yadi.
Avtomobillarni qayta sotish ehtimoli bilan tuzilgan shartnomalar aniqlangan taqdirda, kompaniya shartnoma shartlariga muvofiq (3.1.2 bandga muvofiq) avtomobilni etkazib berish muddatini qo`shimcha 120 kunga oshiradi. Shu munosabat bilan, xaridorlardan shartnomani imzolashdan oldin uning barcha bandlari bilan to`liq tanishib chiqishlarini iltimos qilinmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar avtomobillarni xaridorlarga etkazib berish muddatini qisqartirish, aholi o`rtasidagi talabni qondirish imkonini beradi.
E`tibor bering, shartnomalarning ko`p tuzilganligiga qaramay, amaliyot shuni ko`rsatadiki, 60 foizgacha tuzilgan shartnomalarning to`lovlari vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli bekor qilinadi. Natijada, 7 kundan so`ng, to`langan shartnomalar soni sezilarli darajada kamayib, "Chevrolet Onix" etkazib berish muddati qisqarishi kutilmoqda.






