AsosiyJamiyat

Jizzaxdagi ommaviy qabulda qanday muammolar hal etildi?

'Jizzaxdagi ommaviy qabulda qanday muammolar hal etildi?'ning rasmi

Davlatimiz rahbari topshirig`i asosida Prezident Xalq qabulxonalari Zomin tumanidagi Peshag`or qishlog`ida tashkil qilgan navbatdagi ochiq-jonli muloqotlarda asosan elektr energiyasi, gaz, yo`l, ichimlik suvi, sog`liqni saqlash, ijtimoiy himoya bilan bog`liq masalalarda murojaatlar ko`p bo`ldi.

Zominning Baxmatchoy qishlog`idan qabulga kelgan Abduqayum Iskandarov, Rahmon Kattaboev va Xudoyqul Umarov bir masala — elektr energiyasi ta`minotidagi muammolarni hal qilishda amaliy yordam so`rashdi. Mazkur murojaat asosida Baxmatchoyga yangi, kattaroq quvvatli transformator o`rnatib berildi.

Murojaatlar asosida Zominning chekka-olis qishloqlariga suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi. G`o`lba qishlog`i aholisidan bu borada kelib tushgan murojaatlar joyida ko`rib chiqilib, aytilgan masalalar hal qilib berildi.

Beshkubi qishlog`idan qabulga kelgan Egamberdi Mamatov ham qishloqdoshlari oldiga xushxabar bilan qaytmoqda. Dasturlar asosida qishloqning 2,5 mingdan ziyod aholisi ichimlik suvi bilan ta`minlanadigan bo`ldi.

Peshag`ordagi ommaviy qabulda “Gulshan” mahallasida yashovchi Dilshodxon Zoirov, Botirboy Nuraliev, Oybek Nazirovning kredit ajratish bilan bog`liq muammolari hal qilib berilgan bo`lsa, o`zini o`zi band qilib, daromad topishni istagan bir qator murojaatchilarga subsidiya hisobidan pishiriq pishirish pechlari va tikuv mashinalari olib berildi. Aytaylik, Qoracha qishlog`ida yashovchi 2-guruh nogironi Nasiba Jumanovaga maishiy jihozlar olib berilib, kelgusida uy-joyini ta`mirlashga ham yordam beriladigan bo`ldi.

Qo`shtollik Gulchehra O`rozboevaga esa avvalgi qabulda subsidiya asosida tikuv mashinasi ajratilgan edi. Gulchehra qisqa vaqtda o`zi kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj qishloq ayollarini birlashtirib kooperasiya tashkil etibdi, qo`shimcha ish o`rinlari yaratibdi.

Muloqotlar natijasida Davronbek Jalilov, Go`zal Abulqosimova, Saodat Shoyzoqova, Zilola Olishova, Javohir Abdullaev, Dinara Jumaboeva, Go`zal O`sarova singari og`ir ijtimoiy ahvoldagi 23 ta oila talaba farzandlariga kontrakt pullari to`lab berilishi ta`minlandi.

Qabullar davomida avvalgi murojaatlar tahlili asosida belgilangan vazifalar ijrosi ham monitoring qilinib, turli yo`nalishlardagi ishlar jadallashtirildi. Deylik, shu yil bahorida yuz bergan kuchli sel toshqinlari Peshag`or va unga yondosh o`ndan ziyod qishloqlarning suv o`zanlaridan toshib, to`rtta ko`prikni yuvib ketgan, oqibatda aholidan qator murojaatlar kelib tushgan edi.

Prezidentimiz topshirig`i asosida bu borada alohida hujjat qabul qilinib, sel oqibatlarini bartaraf qilish, infratuzilmani tiklash bo`yicha zarur mablag`lar ajratildi. Bugunga kelib, Peshog`ar va Achchi qishloqlari, Jizzax — Zomin avtomobil yo`lidagi to`rtta ko`prik yangidan qurildi,  ko`prik o`tkazgichlari, ko`targichlari mukammal ta`mirlandi. Sel o`zanlari tozalanib, qirg`oqlar mustahkamlanmoqda.

Mo`g`ol qishlog`ida esa tegishli dasturlar asosida 11,4 km. ichimlik suvi tarmog`i tortilib, yangi suv saqlash rezervuari barpo qilinmoqda. Bu bilan Mo`g`oldagi 300 ta xonadonga obodlik kirib boradi, shuncha aholini ancha vaqtdan beri o`ylantirgan tizimli masalalar hal qilib beriladi.

“Oqtepa” mahallasidagi mana bu ko`chalar anchayin ta`mirtalab bo`lib qolgani rost. Shu bois ham joriy yil avvalidagi o`rganishlardan so`ng bu masala tegishli dasturlarga kiritilib, qariyb 2,8 km.li 6 ta ko`chani asfaltlash rejalashtirilgan edi. Ayni paytda bu ko`chalar tekislanib, uning tosh-shag`alli asosi bunyod qilinmoqda. Hademay, tosh-shag`al ustidan asfalt qoplamasi to`shaladi.

Ha, bu kabi odamlar hayotida real o`zgarishlar yasaydigan amaliy ishlar g`oyalari avvalo xalq bilan ochiq-jonli muloqotlarda paydo bo`ladi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan mamlakatimizdagi 5 ming 280 dan ziyod, Jizzax viloyatidagi 159 ta mahalladagi yo`l, suv, elektr energiyasi, gaz, ijtimoiy soha ob`ektlari bilan bog`liq tizimli masalalar hal qilinadi.

Qabullar jarayonida sayyor tibbiy ko`rik tashkil qilindi, qator murojaatchilarga davolanish uchun yo`llanmalar ajratildi. Aytaylik,  Mo`g`ol qishlog`ida yashovchi Sarvar Bobojonov murojaatidan so`ng uning tug`ma nogironligi bor farzandiga ham bepul davolanishda amaliy yordam ko`rsatiladigan bo`ldi.

Prezident Xalq qabulxonasi Zomin tumani Peshag`or qishlog`ida tashkil qilgan navbatdagi ommaviy qabulda 202 nafar murojaatchining 237 ta masalasi ko`rib chiqilib, uning 64 tasi joyida hal qilindi, 4 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo`lsa, 169 ta masala bo`yicha aniq muddat va mas`ullar belgilanib, nazoratga olindi. 

    Boshqa yangiliklar