Mamlakatimiz delegasiyasi “O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi hukumatlari o`rtasida noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashishda hamkorlik to`g`risida bitim”ning Qozog`iston hududidagi ijrosini o`rganish maqsadida 2022 yil 30 oktyabr – 4 noyabr kunlari Ostona va Olmaota shaharlarida bo`lib turibdi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, delegasiya tarkibi Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi mutaxassislaridan iborat. Monitoringda Xalqaro migrasiya tashkiloti vakillari ham ishtirok etmoqda.
Tashrifning asosiy maqsadi – ikki mamlakat hukumatlari o`rtasida noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashishda hamkorlikka oid bitimning Qozog`iston hududidagi ijrosini o`rganishdir. Bu boradagi o`rganish natijalari negizida davlatlarimizning tegishli idoralari o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Ma`lum qilinishicha, 30 oktyabr kuni bo`lib o`tgan dastlabki uchrashuvda Qozog`iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo`yicha komissiya rahbariyati va Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi O`tkirbek Ochilov inson huquqlarini himoya qilishga doir masalalar yuzasidan o`zaro fikr almashdi.
Shuningdek, 31 oktyabrda O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va Qozog`iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vakillari ishtirokida muzokaralar bo`lib o`tdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama teng huquqli aloqalarni yanada mustahkamlash, salohiyatli ish beruvchilar bilan yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish, ishchilarni ma`lum bir yo`nalishda kasbiy tayyorlash va ishga qabul qilish jarayonlarini tashkil qilish masalalari ko`rib chiqildi.
Migrantlar huquqlari poymol qilinishi holatlarining oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Migrantlarning huquqlari himoyasini har tomonlama ta`minlash zarurligiga alohida e`tibor qaratildi.
Uchrashuvlar yakunida ushbu tashrif bitimni amalga oshirishga mas`ul bo`lgan ikki davlat tegishli tashkilotlari uchun ham samarali bo`lgani ta`kidlandi. Bu boradagi tashkiliy jarayonlarda hal etilishi lozim bo`lgan ayrim masalalar yuzasidan o`zaro kelishib olindi, deyiladi xabarda.