AsosiyJamiyat

"Tibbiyot xodimlari ham “bodi kamera” bilan ta`minlanishi lozim"

'"Tibbiyot xodimlari ham “bodi kamera” bilan ta`minlanishi lozim"'ning rasmi

So`nggi paytlarda shifokorlarga qo`l ko`tarish, ularni ayovsiz kaltaklash holatlari "urf"ga chiqdi.

Bu kabi ko`ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida ayni paytda parlament quyi palatasida “Tibbiyot xodimining faoliyatiga to`sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi muhokamalardan o`tkazilmoqda. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova qonunchilikka kiritilayotgan bu o`zgartishlar haqida quyidagi fikrlarni bildirdi: 

— Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish bilan bog`liq holatlar jamiyatimizdagi illatlardan biriga aylanib borayotgani juda achinarli. Buning oldini olishda eng samarali yo`l noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, deb hisoblayman. 

Fikrimcha, basharti shaxs ayni vaqtda jamoat tartibini buzayotgani va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilayotganini ham yaqqol anglagan bo`lsa, qilmish bezorilik sifatida kvalifikasiya qilinishi lozim. 

Shu maqsadda Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko`zda tutuvchi normasiga jinoyatning o`z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir qilganini nazarda tutuvchi qo`shimcha band kiritish kerak, deb o`ylayman. 

Ushbu bandda nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor, deb topilganlar uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin bo`ladi. O`z o`rnida bu katta profilaktik ta`sir kuchini ko`rsatadi.  

Shu bilan birga, ko`chada “Tez yordam" mashinasiga yo`l bermaslik holatlariga nisbatan ham jarimalar hajmini ko`paytirish kerak. Xususan, “tibbiyot xodimi”, “tibbiy yordam” kabi tushunchalarga ta`rif berilib, tibbiyot xodimlari faoliyatiga aralashganlik qonunchilikda tegishli tartibda javobgarlikka sabab bo`lishi belgilanishi zarur. 

Bundan tashqari, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks tibbiyot xodimi faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi me`yor bilan to`ldirilishi ham turli huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.   

Nazarimda, tibbiyot xodimlari ham “bodi kamera” bilan ta`minlanishi lozim. Masalan, ichki ishlar organlari xodimlarida ana shunday moslamalar mavjud. Bu orqali fuqarolarning ham, tibbiyot xodimining ham mas`uliyati oshadi, zo`ravonliklarga barham beriladi, deb o`ylayman.

    Boshqa yangiliklar