AsosiyJamiyat

Samarqandda to`rt egizak chaqaloq dunyoga keldi

'Samarqandda to`rt egizak chaqaloq dunyoga keldi'ning rasmi

Bu haqda xabar bergan Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatiga ko`ra, 4 nafar egizak va onaning holati nazoratga olingan.

Ma`lum qilinishicha, shu yilning 29 oktyabrida Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi 32 yoshli homilador ayol M. Tohirova Samarqand viloyat perinatal markaziga murojat qilgan.  

Bo`lajak ona qabul bo`limida tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, zudlik bilan markazning reanimasiya bo`limiga yotqizilgan.

Unga “Homiladorlik 4-daraja. Preeklampsiyaning og`ir darajasi. Surunkali pielonefritning xuruj davri. Rezus manfiy qon. Ko`p suvlilik. Anemiyaning og`ir darajasi” tashxisi qo`yilgan.

— Bo`lajak ona markazning reanimasiya bo`limida to`liq klinik va laborator tekshiruvlardan o`tkazilib, doimiy ravishda mutaxassislarimiz nazoratida bo`ldi,  — deydi markaz direktori Lola Hamroeva. — Unda tug`uruqdan oldingi homila profilaktikasi, gemotransfuziya va antibakterial terapiyalar amalga oshirildi. 2 noyabr kuni takroriy ko`rik natijalariga asosan, ayolning ayni paytdagi tibbiy ahvolini hisobga olib, tajribali mutaxassislarimiz bilan tug`uruqni operativ yo`l bilan amalga oshirishga kelishildi.

Shu kunning o`zida shifokorlar tomonidan jarrohlik yo`li bilan to`rt nafar sog`lom chaqaloq tug`dirib olingan.  

Ulardan ikki nafari qiz bola bo`lib, biri bo`yi 42 sm., 1860 gr. vazn bilan, ikkinchisi bo`yi 43 sm., 2060 gr. vazn bilan dunyoga kelgan.

Ikki nafar o`g`il chaqaloqning ham bo`yi 43 sm. bo`lib, biri 2090 gr., ikkinchi esa 1800 gr. vazn bilan tug`ilgan.

️"Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o`tkazildi. Og`ir tug`uruq jarayonidan so`ng onaning umumiy ahvoli o`tkazilgan jarrohlik amaliyotiga mos bo`lib, u va bolalarining holati Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olindi. Ayni paytda barcha kerakli muolajalar davom ettirilmoqda", - deyiladi xabarda.

 

    Boshqa yangiliklar