Turkiyaning "Qo`rqut ota" xalqaro kinofestivalida o`zbek kinoijodkorlari 4 ta xalqaro mukofotni qo`lga kiritdi

Madaniyat 06.11.2022, 21:16
Turkiyaning "Qo`rqut ota" xalqaro kinofestivalida o`zbek kinoijodkorlari 4 ta xalqaro mukofotni qo`lga kiritdi

1-5 noyabr kunlari Turkiyaning Bursa shahrida "Qo`rqut ota" turkiy xalqlar kinofestivali bo`lib o`tdi.

Festival doirasida turkiy tilda so`zlashuvchi 17 davlatdan tashrif buyurgan kinoijodkorlarning sammiti tashkil etildi, deya xabar bermoqda Kinemotografiya agentligi. 

Qayd etilishicha, sammitda kelajakdagi istiqbolli loyihalar,  maqsadlar mushtarakligi haqida so`z yuritildi. Kinoijodkorlar hamkorlik uchun taklif etilayotgan o`z loyihalari pitchingini taqdim etishdi. Festival doirasida Toshkent shaxridagi BDKI filiali Bahcesehir University, Istanbul Film Academy va Istanbul Nisantasi University bilan xalqaro aloqalar o`rnatilgani aytiladi. Ahamiyatli jihati 2023-2024 o`quv yilidan boshlab Filialning “Dramaturgiya” ta`lim yunalishida Netflix Series Script maxsus fani kiritiladi.

Yana bir e`tiborli jihati, Rossiya kinematograflari turkiy tilli xalqlarning milliy qahramoni Xo`ja Nasriddin haqidagi 16 qismdan iborat animasion film haqida taqdimot qilishgan. Loyiha prodyusseri, muallif va rejissyor Timur Bekmanbetov ham sammitda ishtirok etib, bu film O`zbekiston bilan hamkorlikda ishlanayotganini, ayni vaqtda O`zbekistonda animasiya maktabi ijodkorlari bilan birgalikda ishlash maroqli bo`layotganini bildirgan.

“Buni alohida ta`kidlab o`tmasam bo`lmaydi, bugungi kunda O`zbekistonda kinematografiya sohasiga ulkan darajada e`tibor qaratilmoqda. Uzoq yillar mobaynida faoliyati to`xtab qolgan Toshkent xalqaro kinofestivalining davom ettirilishi va mamlakatda kino suratga olishda yangicha yondashuv qo`llanilayotgani quvonarli holdir.  

"Qo`rqut ota" kinofestivalida ishtirok etayotgan o`zbek kinoijodkorlari va o`zbek filmlari  festivalga o`zgacha shukuh bag`ishlaydi.” – dedi Timur Bekmanbetov.

Ma`lumot uchun, ushbu festivalga 17 ta davlatdan 400 dan ortiq kinoijodkorlar tashrif buyurdilar. Xalqaro anjumanda Turkiyadan tashqari Qozog`iston, O`zbekiston, Qirg`iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Vengriya va Shimoliy Kipr kabi davlatlardan kino ustalari ishtirok etishgan. 57 ta film ikki yo`nalishda g`oliblik uchun raqobatlashdi. Ular orasida o`zbek kinoijodkorlarining ikkita kartinasi ham tanlab olinib, filmlarimiz yurtimizga sovrin bilan qaytishgan.  

Kinorejissyor Dilmurod Masaidovning "Ayol qismati"badiiy filmi hamda Furqat Usmonovning "Inson" ko`p qismli hujjatli filmi Gran-priga loyiq deb topildi, deyilmoqda.

"Eng yaxshi hujjatli film" nominasiyasi bo`yicha "Inson" hujjatli  filmi GRAN-PRI bilan mukofotlangani, sovrin film rejissyori Furqat Usmonovga topshirilgani xabar beriladi.

"Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan "Dilshoh media" kinostudiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, rejissyor Dilmurod Masaidovning adashib Suriyaga ketgan o`zbeklarni vataniga qaytarish yuzasidan amalga oshirilgan maxsus operasiya haqida hikoya qiluvchi "Ayol qismati" badiiy filmi esa kinofestivalning eng nufuzli bosh sovrini  "Eng yaxshi badiiy film" nominasiyasida g`oliblikni qo`lga kiritib GRAN-PRIga sazovor bo`ldi", — deyiladi Kinemotografiya agentligi ma`lumotida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1