Yaqin kunlarda O`zbekistonning ayni qizg`in nuqtasiga aylangan Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti bo`lib o`tadi.
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori o`rinbosari, professor Abdulaziz Rasulev hamda Toshkent davlat yuridik universitetining Intellektual mulk huquqi kafedrasi mudiri yuridik fanlar bo`yicha falsafa doktori Shohjahon Xo`jaev ma`lumotiga ko`ra, TDT doirasidagi hamkorlikning iqtisodiy samarasini O`zbekiston misolida ko`rish mumkin.
Xususan, 2021 yili O`zbekiston TDT davlatlari bilan 9,3 milliard AQSh dollari miqdorida savdo operasiyalarini amalga oshirdi. Ularning O`zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 22 foizdan ziyodni tashkil etdi. Umuman olganda, 2016 yilga nisbatan 2021 yili O`zbekiston va TDT mamlakatlari o`rtasidagi o`zaro savdo hajmi qariyb 3 barobar oshgan.
Ekspertlar fikricha, TDT doirasidagi hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari sifatida qo`yidagilarni belgilash maqsadga muvofiq.
- Birinchi yo`nalish – iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va o`zaro savdo hajmini oshirish. Bugungi kunda eng dolzarb bo`lgan masalalardan biri iqtisodiy masalalar sanaladi. Iqtisodiyotni mustahkamlash qo`shma loyihalarni amalga oshirish, infratuzilmani takomillashtirish va boshqa muhim choralarni o`z ichiga olishi kerak. Bu maqsad o`tgan yili 8-sammitda qabul qilingan “Turk dunyosi nigohi – 2040” strategik hujjatiga ham mos keladi. Ushbu hujjat TDT davlatlarida iqtisodiy integrasiyani hisobga olgan holda farovon jamiyatlarni yaratish muhimligini ko`rsatadi.
Mazkur yo`nalish doirasida TDT huzurida Investisiya fondi va Taraqqiyot bankini yaratish g`oyalari ham istiqbolli sanaladi. Bunday loyihalar mamlakatlarga o`z sa`y-harakatlarini muvofiqlashtirish va investisiyalarni yanada samarali boshqarish imkonini beradi.
- Ikkinchi yo`nalish – raqamli transformasiya. Bugungi kunda raqamlashtirish har qanday davlat uchun rivojlanishning eng ustuvor yo`nalishlaridan biriga aylanmoqda. Shuning uchun bu masala TDT uchun eng dolzarbdir. Bu yo`nalishdagi maqsadlar 2021 yili “Turk dunyosi nigohi – 2040” strategik hujjatida ko`rsatilgan edi. Jumladan, hujjatda telekommunikasiya infratuzilmasini yaxshilashga imkon beradigan mintaqalararo raqamli aloqani o`rnatish nazarda tutilgan.
Sun`iy intellekt texnologiyalariga alohida e`tiborni hisobga olgan holda, bu masala doirasida ham hamkorlik qilish kerak. Xususan, bunday texnologiyalardan iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish uchun ham, shahar infratuzilmasini yaxshilash uchun ham foydalanish mumkin. Ko`pgina mutaxassislarning fikricha, sun`iy intellekt texnologiyalari trafikni boshqarish, logistika va jamoat tartibi masalasini hal qilishi mumkin.
- Uchinchi yo`nalish – madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash. Tarixan TDT ishtirokchi mamlakatlari xalqlari bir xil ildizlarga ega. Shu bois madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish TDT mamlakatlari uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, ta`lim va ilmiy muassasalar o`rtasidagi hamkorlik, akademik almashinuv, qo`shma madaniy tadbirlar. Shu munosabat bilan Turkiy madaniyat va san`atni birgalikda rivojlantirish tashkiloti doirasidagi hamkorlik nuqtalarini kengaytirish lozim.
"Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, TDT turkiy tilli mamlakatlarni birlashtirgan, ko`plab sohalarda rivojlanish istiqbollariga ega bo`lgan istiqbolli mintaqaviy tashkilotdir. Shuning uchun ushbu tashkilotning barcha a`zolari, shu jumladan, O`zbekiston uchun TDT doirasida o`zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash har tomonlama rivojlanish va barqarorlikni ta`minlashga, iqtisodiy o`sishni oshirishga va mamlakatlar taraqqiyotini rag`batlantirishga xizmat qilishi mumkin", — deydi olimlar.