“Chet davlat fuqarolari tomonidan O`zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun qo`shilgan qiymat solig`ini qaytarish tizimini joriy etish to`g`risida” qaror qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2023 yil 1 yanvardan chet davlat fuqarolariga ular tomonidan O`zbekiston hududidagi chakana savdo bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda to`langan QQS summasini qaytarish – “Tax free” tizimi tajriba tariqasida joriy etiladi.
“Tax free” qaysi mahsulotlarga tadbiq etiladi?
“Tax free” respublikaning barcha hududlaridagi chakana savdo ob`ektlarida qaror bilan tasdiqlangan ro`yxatga kiritilgan tovarlarga nisbatan qo`llaniladi.
Qancha miqdorda xaridni amalga oshirish lozim?
Umumiy qiymati kamida 1 million so`m bo`lgan “Tax free” tizimi tadbiq etiladigan tovarlarni xarid qilish lozim.
Chet el fuqarolari Tax freedan qanday foydalanishi mumkin?
Buning uchun chet davlat fuqarosi “Soliq” mobil ilovasida ro`yxatdan o`tishi va xaridlari bo`yicha taqdim etilgan onlayn-NKT fiskal cheklarini skanerlashi kifoya.
“Tax free” summasini hisoblash, uni chet davlat fuqarosining bank plastik kartasiga yoki bank hisobvarag`iga o`tkazib berish tizim operatori “Soliq-servis” DUK tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu jarayonlarni Soliq mobil ilovasida onlayn vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Chet davlat fuqarolari O`zbekiston hududini Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg`ona va Urganch xalqaro aeroportlari orqali tark etganda tizim operatoriga murojaat qilgan holda mahsulot xarid qilgan paytdan boshlab 3 oy ichida QQS summasini qaytarishni rasmiylashtirishlari mumkin bo`ladi.
To`langan soliq summalari qachon qaytariladi?
“Tax free” summasi chet davlat fuqarosining respublika hududidan chiqib ketish holati tasdiqlangan so`ng, xarid amalga oshirilgan oydan keyingi oyning 25 kunidan keyin qaytariladi.
10.11.2022 11:29
Farg`ona aeroportida chet davlat fuqarolari uchun “Tax free” tizimi joriy etiladi






