2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida "Inson huquqlari sohasida ta`lim" mavzusidagi Global forum bo`lib o`tadi. Bu haqda "Darakchi.uz" ga Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni o`tkazish tashabbusi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMT Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.
Global forumning asosiy maqsadi– BMTning Inson huquqlari sohasida ta`lim va tarbiya deklarasiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta`lim bo`yicha Jahon ta`lim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilishdan iborat. Shuningdek, ushbu sohadagi ilg`or tajriba, amaliyot va innovasion yondashuvlar taqdimotini tashkil etish, xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalarda inson huquqlari sohasida ta`lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo`yicha o`zaro fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqish ko`zda tutilmoqda.
BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi 51/2-son rezolyusiyasiga muvofiq, Global forum doirasida 2030 yilgacha kun tartibi va inson huquqlari sohasidagi ta`lim va tarbiya bo`yicha boshqa tegishli tashabbuslarni hisobga olgan holda, Jahon ta`lim dasturining beshinchi bosqichi uchun asosiy sohalar va mavzuli masalalar yuzasidan takliflar muhokama qilinadi.
Global forumning BMT shafeligida gibrid formatda o`tkazilishi butun dunyodan kengroq auditoriyaga, soha mutaxassislariga virtual tarzda ishtirok etish va muhokama sessiyalarida qatnashish imkonini beradi. Unda xalqaro ekspertlar, mutaxassislar, davlat organlari, ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, yuqori lavozimli shaxslar ishtirok etishi mo`ljallanmoqda.
Ayni vaqtda Global forumga qizg`in tayyorgarlik boshlangan.