O`zbekistonda elektr quvvati taqchilligi elektr energiyasini 8-10 soatga o`chirishni talab qilmaydi. Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan matbuot anjumanida Energetika vaziri o`rinbosari Sherzod Xo`jaev ma`lum qildi.
Sh.Xo`jaevning qayd etishicha, Energetika vazirligi elektr energiyasi ko`p soatlab uzilishlar sodir bo`ladigan hududlarga mas`ul bo`lgan energiya ta`minoti korxonalari xodimlariga nisbatan chora ko`radi.
Uning so`zlariga ko`ra, energetika tizimidagi yirik avariyaning oldini olish maqsadida elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste`mol qilish balansini muvozanatlash maqsadida qisqa muddatli uzilishlar joriy etiladi.
“Biz bunday choralarni ko`rishga majburmiz. Bizda statistika mavjud. Biz o`zimizni oqlamoqchi emasmiz. Kuniga 12 soat davomida doimiy ravishda elektr o`chirilishi sodir bo`ladigan hududlar haqida aniq ma`lumot bersangiz, buni o`rganamiz... Chunki cheklovlar jadvallari ishlab chiqilgan. Agar ayrim hududlarda bu jadvallarga rioya qilinmasa va yarim soat yoki bir soatga o`chirish o`rniga 12 soatga o`chib qolsa, mas`ul mutasaddilarga nisbatan chora ko`ramiz. Avvalo, biz buning sabablarini o`rganamiz. Ikkinchidan, agar inson omili bo`lgan bo`lsa, xodimlarga nisbatan chora ko`ramiz”, — dedi energetika vaziri o`rinbosari.