Joriy yilning 15 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida 4-maktabda o`qituvchi o`quvchilarni kaltaklab dars o`tayotganligi haqidagi video tarqalgan edi. Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida Buxoro viloyati xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan maxsus ishchi guruhi tuzilib, o`rganish jarayonlari boshlab yuborilgani haqida avvalroq xabar berilgandi.
Boshqarma Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, o`z pedagogik faoliyatini bajarishda qo`pol xatolikka yo`l qo`yganligi uchun maktab o`qituvchisi o`z arizasiga ko`ra vazifasidan ozod etilgan.
Shu kunning o`zida viloyat hokimi o`rinbasari rahbarligida xalq ta`limi bo`limlari mudirlari, maktab direktorlari ishtirokida yig`ilish o`tkazilib, o`qituvchilarning pedagogik madaniyatini oshirish va bunday xunuk holatlarning oldini olish borasida qat`iy topshiriqlar berilgan.
Hozirda holat bo`yicha o`rganish ishlari huquq-tartibot idoralari hamkorligida davom etmoqda.






