AsosiyJamiyat

Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Samarqandda

'Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Samarqandda'ning rasmi

Samarqand shahrida o`z ishini boshlaydigan “Evropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo o`rtasidagi o`zaro bog`liqlik bo`yicha: “Global darvoza” konferensiyasida ishtirok etish uchun kecha Samarqand shahriga Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriya tashrif buyurdi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xabar bermoqda.

Davlat bojxona qo`mitasi Raisi A.Mavlonov yuqori martabali mehmonni  Samarqand xalqaro aeroportida joriy yildan ishga tushirilgan “Bojxonachisiz nazorat” tizimi bilan yaqindan tanishtirdi.

So`nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan keng qamrovdagi islohotlar natijasida O`zbekistonning turistik salohiyati va jozibadorligi tobora oshib bormoqda. Pirovardida, mamlakatga amalga oshirilayotgan xorijiy aviaqatnovlar va tashrif buyurayotgan chet ellik sayyohlar soni ham jadal o`smoqda. Bunday vaziyat xalqaro aeroportlarda bojxona nazoratini yanada tezkor va samarali amalga oshirishni taqozo etadi. 

Shu maqsadda, joriy yilning 1 aprelidan boshlab, mamlakatimizda ilk bora Samarqandning yangi zamonaviy xalqaro aeroportida “Masofaviy bojxona nazorati” yoki sodda qilib aytganda bojxonachisiz nazorat tizimi ishga tushirildi. 

Yangi tizim nazorat kameralari va parvoz haqidagi oldindan olingan ma`lumotlarni tahlil qilish orqali yo`lovchilar va ularning yuklarini bilvosita bojxona nazoratidan o`tkazish imkonini beradi.

Shuningdek, chet ellik sayyohlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ichki hududda “Duty free” – bojsiz savdo do`konlari ishga tushirila boshlandi.

Aeroportda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish jarayonlarini kuzatar ekan, Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriya O`zbekistonda bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi va hech ikkilanmasdan tashkilotga a`zo ko`plab mamlakatlarga namuna sifatida ko`rsatish mumkinligini qayd etdi. 

Bosh kotibning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar