Respublikaning barcha hududlarida ayollarning biznes loyihalarini moliyalashtirishda “Agrobank” ATB ham faol ishtirok etib kelmoqda. Bu borada bank ko`magida o`z biznesini yo`lga qo`ygan Samarqand viloyati tadbirkor ayollari ham alohida e`tirofga molik.
Masalan, viloyatning Payariq tumanida istiqomat qiluvchi O`g`iloy Fayzieva qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish maqsadida bankning 200 million so`m kredit mablag`i evaziga o`z tadbirkorligini yo`lga qo`ydi. Korxonada uch nafar yoshlar ish bilan ta`minlandi.
Samarqand shahridan Shahnozaxon Isaeva ham bankdan milliy liboslar yaratish uchun mato va turli bezaklar xarid qilish uchun kredit mablag`i olib, o`z tadbirkorligini yanada faollashtirdi. Ikki nafar chevarni ish bilan ta`minladi.
Samarqand tumanidan Dilafruz Ro`zimuratova ham bankdan olgan 32 million so`m kredit mablag`i asosida non va non mahsulotlari ishlab chiqarish tadbirkorligini yo`lga qo`ygan. Ajratilgan kredit evaziga 3 ta ishchi o`rni yaratilgan.
Bu kabi ayol tadbirkorlarimiz faoliyatini misol sifatida ko`plab keltirishimiz mumkin. Asosiysi ayollar kredit mablag`idan oqilona foydalanib, daromadga ega bo`lmoqda. Mahalla yoshlari hamda ayollarini ish bilan ta`minlamoqda.






