AsosiyJamiyat

Prezident qurilish sohasida korrupsiya bilan bog`liq muammolarni hal etishga xizmat qiluvchi qarorini imzoladi

'Prezident qurilish sohasida korrupsiya bilan bog`liq muammolarni hal etishga xizmat qiluvchi qarorini imzoladi'ning rasmi

Bugun  O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilindi “Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni yanada oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga ko`ra, investisiya dasturlari va tashabbusli byudjetlashtirish asosida moliyalashtiriladigan qurilish loyihalarini amalga oshirishning yangi tartibi belgilanmoqda. 

Bunda:

  • ob`ektlarning loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari “Shaffof qurilish” axborot tizimida inson omilisiz aniqlanadi.

Hozirda esa qurilish sohasida davlat xaridlari bir nechta tizimlarda: “Shaffof qurilish” axborot tizimida, “xarid.uzex.uz" platformasida hamda to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar tuzish orqali amalga oshirilmoqda;

2023 yil 1 martga qadar qurilish ob`ektlarida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish hamda kamchiliklar va qonun buzilishi holatlarini aks ettiruvchi foto va video materiallarni yuklash imkonini beruvchi “Shaffof qurilish” axborot tizimining mobil ilovasi yaratiladi.

Amalda reyting va tender yuzasidan shikoyatlarni qabul qilish va ko`rib chiqish tizimli amalga oshirilmasligi,  murojaatlarni o`z muddatida hamda samarali hal qilish imkonini bermayapti.

  • buyurtmachi bilan loyihachi va pudratchilar o`rtasidagi shartnomalar faqat elektron raqamli imzo orqali tuziladi.

Amalda esa tender g`olibi bilan buyurtmachi o`rtasidagi shartnoma qog`oz shaklida tuzilishi sababli, uni rasmiylashtirish jarayoni kechikmoqda. Joriy yilda 500 dan ortiq shartnomalar tender savdolari yakunlangandan so`ng o`z muddatida (3kunda) rasmiylashtirilmagan;

  • manzilli ro`yxatlar ulardagi har bir ob`ektga identifikasiya raqami berilgan holda elektron tizimda yuritiladi.

Bu esa, manzilli ro`yxat ob`ektga identifikasiya raqami bergan holda elektron tizimda yuritilishi ro`yxatdagi har bir o`zgarish qanday zaruriyat tufayli amalga oshirilayotganligini monitoring qilish va shu orqali ro`yxatlarga asossiz o`zgartirish kiritishning oldini olish imkonini beradi;

  • xavf-xatar toifasidan qat`i nazar barcha ob`ektlar vakolatli organdan elektron ro`yxatdan o`tkaziladi va nazoratga olinadi. 

Amalda esa hajmi 300m3 dan kam bo`lgan ob`ektlar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan ro`yxatdan o`tkazilmaydi va nazoratga olinmaydi.

  • ob`ektlar yuzasidan hokim yordamchisi, mahalla faollari va yoshlar etakchilari, ommaviy axborot vositalari va boshqa jamoat tashkilotlari jamoatchilik nazoratini o`rnatadi.

Hozirda esa Davlat dasturlari asosida qurilayotgan loyihalar bo`yicha jamoatchilik nazorati deyarli mavjud emas. Yangi qoida qurilishga ajratilayotgan byudjet mablag`lari sarfi haqida aholini xabardor qilish orqali uning sifati va mablag`larning maqsadli ishlatilishini ta`minlash imkonini beradi.

Hujjatga ko`ra, 2023 yil 1 fevraldan boshlab:

  • bosh pudrat tashkiloti tomonidan bajarilgan qurilish ishlari haqidagi hisobot elektron tizimda shaxsiy kabinetda shakllantiriladi va buyurtmachi bilan elektron kelishiladi, moliyalashtirish uchun g`aznachilikka elektron tizim orqali yuboriladi.

Hozirda ob`ektdagi qurilish hajmlari haqidagi hisobot pudratchi tomonidan qog`oz shaklida to`ldirilib, buyurtmachi bilan ham qog`oz hujjatda kelishiladi va g`aznachilikka taqdim etiladi;

  • loyihachi va pudratchilarning reytingi, har bir ob`ektning hujjatlari, bajarilgan ish hajmlari va moliyalashtirilgan mablag`lar haqidagi ma`lumotlar real vaqt rejimida jamoatchilik uchun ochiq e`lon qilinadi.

Hozirda reytingning ochiq emasligi, pudratchilar o`rtasida uning ob`ektiv ekanligiga va qurilish sohasidagi islohotlarning shaffofligiga shubha uyg`otmoqda. Shuningdek, 2021 yilda tenderlarda qatnashgan 6 mingtakorxonaning reyting ballari shakllanishiga asos bo`lgan qariyb 21 mingta ma`lumotlar haqiqiy holatga to`g`ri kelmasligi aniqlangan.

Tashabbusli byudjetlashtirish asosida amalga oshiriladigan qurilish ob`ektlari bo`yicha buyurtmachilar belgilanmoqda.

  • ichki yo`llar – Avtomobil yo`llari qo`mitasining buyurtmachi tashkilotlari; 
  • ichimlik suv ta`minoti – “Suv ta`minoti va oqova suv ob`ektlari qurilishi bo`yicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi;
  • elektr energiyasi, gaz ta`minoti va aloqa tarmoqlari – “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta`minot” AJ va “O`zbektelekom” AK;

ijtimoiy soha ob`ektlari, mahalla idoralari, obodonlashtirish, tungi yoritish va boshqa ob`ektlar – hududiy “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari.

Hozirda buyurtmachi sifatida ob`ektlarni saqlovchi organlar (misol uchun, hududiy ta`lim bo`limlari) belgilangan bo`lib, ular qurilish-ta`mirlash ishlarini boshqarish va texnik jihatdan nazorat qilish imkoniyatiga ega emas.

Moliya vazirligiga Insofsiz ijrochilarning yagona reestrini shakllantirish tartibini tasdiqlash va ushbu reestrni “Shaffof qurilish” axborot tizimi bilan integrasiya qilish vazifasi yuklanmoqda.

Amaldagi qonunchilikda reestrning huquqiy asosi o`rnatilgan bo`lsada, qanday tartibda shakllantirilishi va unga kimlar kiritilishi belgilanmagan.

Hisob palatasi davlat dasturlari va tashabbusli byudjetlashtirish asosida moliyalashtiriladigan ob`ektlarga ajratilgan mablag`larning maqsadli hamda samarali ishlatilishini nazorat qilib boradi.

Qabul qilingan Prezident qarori davlat byudjetdan ajratilayotgan mablag`larning samarali sarflanishini ta`minlash, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish orqali qurilish ustidan davlat va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan bo`lib, ochiqlik va shaffoflikni ta`minlashga olib keladi.

Bu esa, qurilish sohasida korrupsiya, qolaversa inson omilini kamaytirish va shu bilan bog`liq muammolarni hal etishga xizmat qiladi.

 

    Boshqa yangiliklar