Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “Iltifot” mahallasi hududidagi qurilish ob`ektida daraxtlarning noqonuniy kesilayotganligi bo`yicha kelib tushgan ma`lumotga asosan Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Yashnobod tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, tuman ichki ishlar bo`limi hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o`rganish o`tkazildi. Bu haqda Davlat ekologiya qo`mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`rganishlar davomida qurilish tashkiloti hududi ko`zdan kechirilganda 16 tup turli qimmatbaho bo`lgan daraxtlarning noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlanganligi aniqlandi.
Ushbu holat bo`yicha O`zbekiston Respublikasining “O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi qonunining 37-moddasi talablari buzilib, o`simlik dunyosiga ko`p miqdorda zarar etkazilganligi aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra o`simlik dunyosiga etkazilgan zarar miqdori 3 mlrd 514 mln 200 ming so`mni tashkil etmoqda.
O`rganish natijasi bo`yicha to`plangan materiallar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim etildi.