Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida qurilgan, quvvati 220 MVt bo`lgan yangi gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi bugun, 20 noyabr kuni O`zbekistonning yagona elektr tarmog`iga quvvat uzatishni boshladi.
Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, mazkur elektr stansiya yiliga 1,7 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Stansiyada o`rnatilgan qurilmalarning foydali ish koeffisienti yuqoriligi hisobiga yiliga 150 mln metr kub tabiiy gaz tejalishi kutiladi. Tejalgan tabiiy gaz bilan esa qo`shimcha 685 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning 29 mart kuni O`zbekiston va Turkiya Prezidentlari tomonidan mazkur elektr stansiya qurilishiga start berilgan edi.






