Avval xabar qilganimizdek, bugun, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Fransiya Prezidentining taklifiga muvofiq ushbu mamlakatga uchib ketdi. Bu davlat rahbarining so`nggi to`rt yildagi ikkinchi tashrifi bo`ladi. E`tiborlisi shundaki, Sh. Mirziyoev bunday qisqa vaqt ichida ikkinchi marta boshqa hech qaysi Evropa mamlakatida bo`lmagan edi.
2018 yil oktyabr oyida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan O`zbekiston Rahbari Fransiyaga rasmiy tashrif bilan borgan va O`zbekiston Rahbari tashrif buyurgan Evropadagi birinchi davlat bo`lgandi. Natijada 3,4 mlrd evrolik 11 ta bitim hamda investisiyaviy va savdo shartnomalari paketi imzolandi.
Parlamentlar va jamoatchilik darajasida aloqalar faol rivojlanmoqda. O`zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida (quyi palata) Fransiya Senati va Milliy assambleyasi bilan do`stlik guruhlari tuzildi. Umuman olganda, bugungi kunda tomonlar o`rtasida mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza shakllantirilgan: jami 50 ga yaqin turli xarakterdagi hujjatlar imzolangan.
O`tgan 5 yil davomida O`zbekiston-Fransiya munosabatlarida barcha sohalarda faol, ochiq va ishonchli muloqot kuzatilmoqda.
Jumladan, bugungi kunda Fransiya O`zbekistonning iqtisodiy, investisiyaviy, moliyaviy va texnik sohalardagi muhim hamkori hisoblanadi. Energetika, avtomobilsozlik, geologiya qidiruv, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalari mavjud.
- O`zbekistonda so`nggi yillarda Fransiya kompaniyalari ishtirokidagi qo`shma korxonalar va loyihalar soni uch barobar oshdi.
-“Total Eren” kompaniyasi bilan birgalikda may oyida Samarqand viloyatida mintaqadagi eng yirik quvvati 100 MVt bo`lgan quyosh stansiyasi ishga tushirildi. Energetika sohasida boshqa istiqbolli loyihalar ham amalga oshirilmoqda.
- Fransuz kompaniyalarining faol loyihalari portfeli 5 milliard evrodan oshadi.
Shuningdek, O`zbekiston va Evropa Ittifoqi o`rtasida imzolangan Sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi bitim doirasida Fransiya bilan eng ko`p qulaylik rejimi yaratildi. O`zaro savdoning tobora o`sishi kuzatilmoqda. Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida uning hajmi 7,6 foizga, O`zbekiston mahsulotlarining Fransiyaga eksporti esa 8 barobarga oshdi.