Yangi yil bayrami yaqinlashib kelar ekan hududlarda pirotexnika vositalarini noqonuniy aylanuvi ham boshlanadi. Shu kabi holatlardan biri bojxonachilar tomonidan Surxondaryo viloyati “Darband” YPX maskanida to`xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, 2022 yil 21 noyabr kuni Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi tomonidan olingan ma`lumotga asosan, viloyat DXX va Yo`l patrul xizmati xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o`tkazildi.
Tadbir natijasida Denov tumanida yashovchi fuqaro J.A. boshqaruvida bo`lgan “ISUZU” rusumli avtotransport vositasi Boysun tumani “Darband” YPX maskanida xolislar ishtirokida to`xtatilib, xizmat iti yordamida ko`zdan kechirilganda avtotransport vositasi yukxonasi ichida qiymati 122 million 175 ming so`m bo`lgan 814 blokda 407 250 dona “Britanik” nomli va qiymati 72 million so`m bo`lgan 480 blokda 240 000 dona “Treniya” nomli pirotexnika vositalari borligi aniqlandi. Ushbu holatda jami 194 million 175 ming so`m bo`lgan 647 250 dona pirotexnika vositalari ashyoviy dalil sifatida olinib, holat yuzasidan prosessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan, bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






