AsosiyJamiyat

Farg`ona viloyati IIB binosi oldida ayol o`zini yoqib yuborishga urindi

'Farg`ona viloyati IIB binosi oldida ayol o`zini yoqib yuborishga urindi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarida “Farg`ona viloyati ichki ishlar binosi oldida fuqaro nega o`zini yoqmoqchi bo`ldi” sarlavhali videoxabar tarqaldi. Holat Farg`ona viloyati IIB tomonidan o`rganib chiqildi. 

Ma`lum bo`lishicha, joriy yilning 15 noyabr kuni viloyat IIB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.A.  (IIB oldida o`zini yoqmoqchi bo`lgan ayolning qizi) Farg`ona shahridagi mehmonxonalarning birida 2.250.000 so`m pul evaziga 4 nafar shaxslarga jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib berib, kelishilgan pullarni olgan vaqtida xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olingan.

Bundan tashqari, fuqaro M.A. voyaga etmagan D.F. va X.M. larni o`ziga moddiy jihatdan qaram qilib, yashash uyida tutqunlikda saqlab, erkak mijozlarga moddiy manfaat evaziga jinsiy aloqa qilishga majburlab kelganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan M.A. ga nisbatan Farg`ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandi, 131-moddasi 1-qismi  hamda 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, 2022 yil 16 noyabr kuni JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Shuningdek, jinoyat ishi bo`yicha jabrlanuvchi va guvohlarning ko`rsatuvidan kelib chiqib, 2022 yil 19 noyabr kuni ayblanuvchi M.A. ning boshqaruvida bo`lgan, “Malibu” rusumli transport vositasi Farg`ona shahar A.Navoiy ko`chasi 30-uy yonida turganligi aniqlanib, xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda 2 dona pichoq va boshqa buyumlar daliliy ashyo tariqasida olinib, avtomashina qonuniy egasi A.M. ga tilxat orqali topshirilgan.

Shuningdek, IIB binosi oldida o`zini yoqmoqchi bo`lgan ayol bilan boshqarma rahbariyati suhbatlashib, holat yuzasidan tushuntirishlar bergan.

“Shu o`rinda, fuqarolarimizdan yuqoridagi kabi xabarlarga rasmiy munosabat berilmasdan turib, noo`rin xulosa qilmasliklarini so`rab qolamiz”, - deyiladi viloyat IIB Axborot xizmati xabarida.

 

    Boshqa yangiliklar