“Ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–803, 28.11.2022 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Ushbu qonun ko`chmas mulkning quyidagi turlariga bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazishga nisbatan tatbiq etiladi:
- er uchastkalariga;
- binolarga, inshootlarga, shu jumladan, qurilishi tugallanmagan ob`ektlarga;
- ko`p yillik dov-daraxtlarga;
- mulkiy majmua sifatidagi korxonaga.
Ko`chmas mulkka bo`lgan quyidagi huquqlar yoki cheklovlar davlat ro`yxatidan o`tkazilishi lozim:
- mulk huquqi;
- doimiy egalik qilish huquqi;
- doimiy foydalanish huquqi;
- meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi;
- ijara huquqi;
- ikkilamchi ijara huquqi;
- xo`jalik yuritish huquqi;
- operativ boshqarish huquqi;
- ko`chmas mulkni ishonchli boshqarish huquqi;
- bepul foydalanish huquqi;
- renta;
- ipoteka;
- servitut;
- ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarga qo`yilgan cheklovlar.
Binolarga, inshootlarga hamda qurilishi tugallanmagan ob`ektlarga bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish ushbu ko`chmas mulk joylashgan er uchastkasiga bo`lgan huquqlar davlat ro`yxatidan o`tkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.
Ko`chmas mulkning kadastr yig`majildini shakllantirish uchun quyidagilar asos bo`ladi:
- er uchastkalarining belgilanganligi (realizasiya qilinganligi);
- binoning, inshootning qurilganligi va foydalanishga topshirilganligi;
- belgilangan tartibda ajratilgan er uchastkasida qurilishi tugallanmagan ob`ektning mavjudligi;
- ko`chmas mulkning bo`linganligi;
- ko`chmas mulkning birlashtirilganligi.
Davlat reestri ko`chmas mulk, unga bo`lgan huquqlar, shuningdek huquq egalari to`g`risidagi ma`lumotlarning elektron bazasi tarzdagi tizimlashtirilgan ma`lumotlar to`plamidan iboratdir.
Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran 3 oy o`tgach kuchga kiradi.






