1

1 dekabrdan boshlab jarima ballarini hisoblash tizimi ishga tushiriladi

Jamiyat 29.11.2022, 14:21
1 dekabrdan boshlab jarima ballarini hisoblash tizimi ishga tushiriladi

Yo`l harakati xavfsizligi xizmatining xabar berishicha, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 apreldagi PQ-190-son qarori talablari asosida yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash bo`yicha samarali tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Qarorda 2022 yil 1 dekabrdan boshlab har bir yo`l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballarini hisoblab borish, hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchini ma`lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish, qoida buzmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag`batlantirish choralari qo`llanishi tartibini nazarda tutuvchi haydovchilarga yo`l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimini joriy etish belgilangan.

Jarima ballarini joriy etish bo`yicha O`zbekiston Respublikasining Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis qonunchilik palatasining mas`ul xodimlari bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzilgan holda qonun loyihasini qayta takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.

Shu sababli 1 dekabrdan boshlab jarima ballarini hisoblash tizimi test rejimida ishga tushiriladi.

Bunda qoidabuzarliklar avtomatik tarzda dasturiy ta`minotda qayd etib boriladi. Ushbu tizim yangi bo`lganligi sababli, test rejimida ishlagan vaqtda tizimdagi hamda sodir etilgan qoidabuzarliklardagi barcha xato va kamchiliklar tizimni texnik qo`llab-quvatlash davrida bosqichma-bosqich aniqlanib, bartaraf etilib, takomillashtirilib boriladi.

Aholidan kelib tushishi mumkin bo`lgan e`tirozlarni oldini olish maqsadida test rejimi vaqtida aniqlangan qoidabuzarliklar bo`yicha ballar hisobga olinmaydi.

Dasturiy ta`minot sinovdan o`tkazilib, aniqlangan xato va kamchiliklar to`liq bartaraf etilgandan keyin ishga tushirilib, haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanadi. Ijobiy test sinov natijalari yuzasidan, mazkur tizimni ishga tushirish vaqti bo`yicha ommaviy axborot vositalariga qo`shimcha ma`lumot beriladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1