Xorazmlik ayol turmush o`rtog`iga bir buyragini berdi

Jamiyat 29.11.2022, 17:19
Xorazmlik ayol turmush o`rtog`iga bir buyragini berdi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Xorazm filialida murakkab transplantasiya amaliyoti — buyrak ko`chirib o`tkazish operasiyasi bajarildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, bemor Davron Rajabov — Bog`ot tumanidan. U ko`p yillardan beri buyrak etishmovchiligidan aziyat chekib kelayotgan edi. So`nggi paytlarda esa ahvoli yanada og`irlashdi. Shifoxonaga murojaat qilganida mutaxassislar unga so`nggi chora sifatida transplantasiya amaliyotini tavsiya etdi.

Donorlik uchun turmush o`rtog`i — Kamola Sa`dullaevaning tibbiy tahlil natijalari mos keldi. Ayoli bu tanlov oldida ikkilanib o`tirmadi. Eriga bir buyragini berishga qaror qildi.

Operasiya olti soatdan ko`proq vaqt davom etdi. Uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va viloyat filiali jarrohlari o`zaro hamkorlikda bajarishdi.  

Muhimi, amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi. Hozir bemorning ham, donorning ham ahvoli yaxshi. Har ikkisida tegishli standartlar asosida tibbiy muolajalar davom ettirilmoqda.  

Qayd etilishicha, ushbu buyrak transplantasiyasi viloyatda o`tkazilgan shu turdagi sakkizinchi noyob amaliyotdir.  

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1