Hukumat qarori (681–son, 29.11.2022 y.) bilan Axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida “Mohir aloqachi” ko`krak nishoni va “O`z kasbining ustasi” belgisi ta`sis etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko`ra:
“Mohir aloqachi” ko`krak nishoni bilan – axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasini rivojlantirishga katta hissa qo`shgan hamda sohada kamida 15 yil mehnat stajiga ega fuqarolar;
“O`z kasbining ustasi” belgisi bilan – axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasida faoliyat ko`rsatayotgan muhandis, elektromontyor, kabelchi, pochtachi, antennachi-machtachi, operator, feld`eger kabi ommaviy kasb egalari sohani rivojlantirishga qo`shgan munosib hissasi uchun taqdirlanadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi tashkilotlar ko`krak nishoni hamda “O`z kasbining ustasi” belgisi bilan taqdirlash bo`yicha takliflarni har yili 1 aprelgacha vazirlikka taqdim etadi.
Ko`krak nishoni hamda “O`z kasbining ustasi” belgisi har yili 7 may – aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami arafasida topshiriladi.
Taqdirlanganlarga BHMning to`rt yarim baravari (1 mln 350 ming so`m) miqdorida biryo`la to`lanadigan pul mukofoti beriladi.
Mazkur ko`krak nishoni va belgi bilan bir shaxs bir marta mukofotlanadi.






