Ijtimoiy tarmoqlarda yo`l-transport hodisasida vafot etgan yigitning onasining murojaati tarqalib turli muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB munosabat bildirdi.
2021 yilning 25 avgust kuni taxminan soat 20:00 atrofida 1971 yilda tug`ilgan B.S. o`zining boshqaruvidagi Nexia-3 avtomashinasida Mirzo Ulug`bek tumani Temur Malik 2-darajali ko`chasi bo`ylab harakatlanayotgan vaqtida yo`lning belgilanmagan qismidan noma`lum Matiz avtomobilining orqasidan chiqib kelgan piyoda 1997 yilda tug`ilgan V.L.ni urib yuborgan. Ushbu YTH natijasida piyoda voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Tergov jarayonida barcha zaruriy tergov harakatlari o`tkazilgan.
Jumladan, sudga oid avtotexnik ekspertiza tayinlangan, 2021 yil 15 noyabr kunidagi xulosasiga ko`ra, ushbu YTH vaziyatida Nexia-3 avtomashinasi haydovchisi o`z vaqtida keskin tormoz berish yo`li bilan hodisani oldini olishni texnik imkoniyatiga ega bo`lmagan.
Tergov jarayonida haydovchi B.S.ning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli jinoyat ishi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan harakatdan tugatilgan.