Buxoroda sudlanayotgan 22 nafar sudlanuvchining biri bo`lgan Razbek Bekmuratov 2 iyul kuni Nukus shahri "Naupir" MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohat etkazib, «Makarov» markali to`pponchasini olib qo`ygan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyat sudi binosida bo`lib o`tayotgan ochiq sud majlisida 1 dekabr kuni tushdan keyin Razbek Bekmuratov Nukusda tartibsizliklar ro`y bergan kunlari bo`lib o`tgan voqealarni so`zlab berdi.
Sud, prokuror va advokatlarning savollariga javob qaytarar ekan, jumladan, u ijtimoiy tarmoqlardagi videolarni ko`rib, ta`sirlanib ko`chaga noqonuniy namoyishga chiqqani, 5 iyul kuni Qoraqalpog`iston Vazirlar kengashi oldida katta miting bo`lishi haqidagi xabarlardan ko`proq ta`sirlangani va qo`llab-quvvatlaganini aytdi.
Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilingani, jumladan, ulardan birining kiyimi majburlab echtirilayotganda to`pponchasi erga tushib ketganini ko`rib, o`qotar qurolni egallab olganini tan oldi.
Hibsga olingunga qadar Qoraqalpog`iston davlat universiteti o`qituvchisi bo`lib ishlagan 30 yoshli Razbek Bekmuratov avvalgi sud majlisida aybiga qisman iqror ekanini bildirgan edi.
Bugungi bo`lib o`tgan sud majlisida u ko`zda yosh bilan qilgan ishidan pushaymon ekanini so`zlab, prezidentdan, o`zbek va qoraqalpoq xalqlaridan kechirim so`radi. Suddan jazo tayinlashda qaramog`ida voyaga etmagan yosh bolalari borligini inobatga olishni iltimos qildi.
02.12.2022 18:06
Nukusda Milliy gvardiya xodimining "Makarov" to`pponchasini olib qo`ygan shaxs sudda kechirim so`radi






