Shavkat Mirziyoev 3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz xalqiga murojaat yo`lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Qadrli vatandoshlar!
Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta`minlash davlat siyosatining ustuvor yo`nalishi etib belgilangan. Bu jarayonda barcha fuqarolarimiz kabi nogironligi bo`lgan yurtdoshlarimizga e`tibor va amaliy g`amxo`rlik ko`rsatish, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Bu borada chuqur insonparvarlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan sa`y-harakatlarimiz 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kunidan ko`zlangan maqsad va vazifalarga uyg`un va hamohang ekanini ta`kidlash lozim.
Dunyo mamlakatlari qatori yurtimizda ham keng nishonlanayotgan mazkur sana munosabati bilan mamlakatimizdagi 1 millionga yaqin nogironligi bo`lgan yurtdoshlarimizga o`zimning samimiy hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ma`lumki, O`zbekistonda nogironligi bo`lgan shaxslarga jamiyat va davlat tomonidan ko`mak va yordam berish, ularni ijtimoiy- siyosiy hayotga faol jalb etishga qaratilgan keng ko`lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu toifaga mansub fuqarolarni qo`llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bir qator tuzilmalar, xususan, O`zbekiston nogironlar jamiyati, Nogironlar assosiasiyasi, Ko`zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati samarali faoliyat ko`rsatmoqda.
Eng muhimi, taqdir taqozosi bilan nogiron bo`lib qolgan bironta ham yurtdoshimiz xalqimizning, davlat idoralarining mehru e`tiboridan chetda qolmasdan, o`zining mehnati va qobiliyati bilan nafaqat hayotda o`z o`rnini egallab kelmoqda, balki azmu matonati, sabr-bardoshi va shukronalik fazilatlari bilan ko`pchilikka ibrat bo`lmoqda», — deydi Shavkat Mirziyoev.
Shuningdek, Prezident ularning olijanob intilishlarini yuksak qadrlashini va ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faol ishtiroki uchun barchaga chuqur minnatdorlik bildirgan.
«Aziz do`stlar!
Jamiyatimizning ajralmas bir qismi bo`lgan nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta`minlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida keyingi yillarda mamlakatimizda bir qator qonunlar hamda 25 dan ortiq boshqa me`yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mustahkam qonuniy baza yaratildi. Bu esa mazkur toifa vakillariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, malakali tibbiy xizmatlardan foydalanishi, o`z iste`dod va salohiyatini ro`yobga chiqarishi, muxtasar aytganda, o`zlarini jamiyatimizning to`laqonli a`zosi deb his etishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish imkonini bermoqda.
Bugun, butun xalqimizga murojaat qilib, siz, aziz vatandoshlarimnibu yo`nalishda boshlagan xayrli ishlarimizni faol davom ettirishga chaqiraman. Shu maqsadda, biz barcha fuqarolar, jumladan, nogironligi bo`lgan shaxslar uchun bir xil imkoniyatlar amal qiladigan inklyuziv jamiyatni barpo etish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. Shu asosda nogironlikni belgilashning allaqachon eskirgan tibbiy modelidan umume`tirof etilgan ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o`tishni o`z oldimizga muhim vazifa qilib qo`yganmiz.
Bundan buyon bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, jamoat transporti, axborot va aloqa vositalarini ishlab chiqarishda nogironligi bo`lgan shaxslarning ulardan hech bir moneliksiz foydalana olishiga birlamchi ahamiyat qaratiladi.
Nogironligi bor shaxslarni reabilitasiya qilish va protezlash markazlaridagi qamrov hajmini 2 barobar oshirish, hududlarda faoliyat ko`rsatayotgan 10 ga yaqin shunday markazlarni kengaytirib, zamonaviy tibbiy va reabilitasiya uskunalari bilan jihozlash ishlari amalga oshiriladi.
Ishontirib aytamanki, sizlar o`zlaringizni yolg`iz his etmasligingiz, zarur bilim va kasb-hunarlarni egallab, barcha soha va tarmoqlarda faol ishtirok etishingiz, jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanishingiz, madaniy ehtiyojlaringizni ta`minlashingiz uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.
Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, oilaviy baxt-saodat va omad tilab qolaman.
Chuqur hurmat bilan,
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti».