AsosiyJamiyat

Adliya vazirligida qonunchilik hujjatlarining ta`sirini baholash bo`yicha seminar o`tkazildi

'Adliya vazirligida qonunchilik hujjatlarining ta`sirini baholash bo`yicha seminar o`tkazildi'ning rasmi

Adliya vazirligida joriy yilning 1-2 dekabr kunlari AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda 60 dan ortiq vazirlik va idoralarning mas`ul xodimlari uchun seminar-trening o`tkazildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi axborot xizmati.

Ta`kidlanishicha, seminarda vazirlik va idoralarning norma ijodkorligi, xususan qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini tartibga solish ta`sirini baholash (TSTB) faoliyati tahlil qilindi va yo`l qo`yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish xususida o`zaro fikr almashildi.

Seminar davomida qonunchilik hujjatlarining sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan asosiy omillar, ularning kelib chiqish sabablari va ushbu omillarning qonunchilik barqarorligiga, aholi, tadbirkorlik sub`ektlari va davlatga, shuningdek, investisiyaviy muhitga ta`siri amaliy misollar orqali tushuntirib berildi.

Ma`lumot uchun: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 martdagi PQ–5025-son qaroriga asosan 2023 yil 1 yanvardan boshlab, tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, shuningdek, atrof-muhitga ta`sir ko`rsatuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar TSTBdan o`tkazilishi lozim.

Qonunchilik hujjatlari loyihalarining tartibga solish ta`siri baholanmasdan ishlab chiqilayotganligi kelgusida qonunchilikka tez-tez o`zgartirishlar kiritilishiga olib kelmoqda, bu esa qonunchilik barqarorligiga va ularning samarali ijro etilishiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.

Tadbir davomida qonunchilik hujjatlarini baholashda muammolar tahlilini amalga oshirish, hujjatni qabul qilishdan aniq maqsadlar va ko`rsatkichlarni belgilash, muammolarni tartibga solish muqobil usullarini aniqlash va ularni qo`llash natijasida yuzaga keladigan foyda va xarajatlarni hisoblash bo`yicha uslubiy ko`rsatmalar “case-study” usulida berildi.

Seminar-trening so`nggida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi va TSTB faoliyatidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha takliflar muhokama qilindi, shuningdek, mazkur sohada doimiy hamkorlik va uslubiy yordam ko`rsatilishi yana bir bor belgilab o`tildi.

    Boshqa yangiliklar