Sal avval Toshkentda chaqiruv bo`yicha voqea joyiga etib borgan IIB xodimi o`ldirilgani xabar qilingan edi. Ayrim OAVlarda Toshkent shahri Olmazor tumanida vafot etgan profilaktika inspektori N.Bobomurotov haqida asoslanmagan xabarlar tarqalmoqda. Jumladan, marhum profilaktika inspektori go`yoki bir ayol bilan avtomashinasida gaplashib o`tirgan vaqtida, ayolning turmush o`rtog`i kelib qolib, rashk oqibatida qotillik sodir etgan. Mazkur xabarlar yuzasidan poytaxt IIBB matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, bu kabi ma`lumotlar asossiz va haqiqatdan yiroq. Jinoyatni o`rganish jarayonida aniqlanishicha, marhum profilaktika inspektori jabrlanuvchi ayolning chaqiruvga asosan voqea joyiga borgan. Ayol o`zining shar`iy nikohidagi turmush o`rtog`i o`ldirish bilan qo`rqitayotganligini va unga chora ko`rishni so`ragan.
Profilaktika inspektori xabarni rasmiylashtirish maqsadida jabrlanuvchini o`z avtomashinasida mahalla idorasida joylashgan tayanch punktga olib kelganda, ortidan shaxsiy transportida etib kelgan B.Z. profilaktika inspektoriga o`zi bilan olib kelgan oshxona pichog`i bilan hujum qilib, joniga qasd qilgan. Bu vaqtda ayol qochishga ulgurgan. Profilaktika inspektori o`z hayotini qurbon qilish evaziga ayolning hayotini saqlab qolgan.
Bayon etilgan holat tegishli videotasvirlarda va guvohlarning ko`rsatmalarida aks etgan.
"Shu o`rinda ta`kidlash joizki, gumonlanuvchining yaqinlari yoki uchinchi shaxslar tomonidan voqea tafsilotlariga turli talqin berilishi mumkin va bu ma`lumotlar albatta tekshirilib qonuniy baho beriladi.
Tergov yakunlanmagunga qadar jamoatchilik va OAVdan turli taxmin va mish-mishlardan iborat shaxslarni sha`ni va qadr-qimmatini kamsitilishiga olib keladigan axborotni tarqatmasliklarini so`raymiz", - deyiladi Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati xabarida.