Bugungi ob-havoda xodimlar ishga kech qolishsa, ularga nisbatan jazo choralarini ko`rish qanchalik to`g`ri? Bu haqda amaliyotchi yurist Saidali Muxtoraliev o`zining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasida quyidagi fikrlarni yozib qoldirdi:
Bugundan qish haqiqiy qishligini boshladi. Qalin qor. Transport, ayniqsa, jamoat transporti harakatlarida jiddiy noqulayliklar yuzaga kelmoqda. Avtomobillarga gaz qo`yish shaxobchalari to`xtab qolgan. Turgan gapki, bunaqangi sharoitda ishchi va xizmatchilar ishxonaga o`z vaqtida kelishlari qiyin bo`ladi.
Hozir menga aloqa chiqishdi. Bir tashkilotda 10 daqiqa kech qolgan xodimdan tushuntirish xati olib, unga jarima qo`yishmoqchi bo`lyapti ekan. Qarang, qanday operativ-a bular.
Do`stlarim, shunday vaziyatlarda amaldagi Mehnat kodeksining 182-moddasidagi mana bu qoidalarga qarab qo`yaylik:
- intizomiy jazoni qo`llanishda sodir etilgan nojo`ya xatti-harakatning qay darajada og`ir ekanligi, shu xatti-harakat sodir etilgan vaziyat, xodimning oldingi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.
Ya`ni, bu erda intizomiy jazo haqida o`ylashdan oldin, “shu xatti-harakat sodir etilgan vaziyat” degan omilga ham qarash kerak. Hamda qalin qor yoqqani va noqulay ob-havo sababli transport qatnovida qiyinchilik yuzaga kelganligi uchun ishga kech qolgan xodimlarga intizomiy jazo qo`llamaslik kerak.
Albatta, ishga kech qolgan xodimlardan tushuntirish xati olinishi qonuniy talab, biroq xodimlar ham uzrli sabab sifatida noqulay ob-havo va shuning hisobiga yuzaga kelgan qiyinchiliklarni keltirishlari mumkin. Bunaqangi holatlarda rahbarlar ham ko`ngillarini biroz kengroq qilganlari ma`qul deb o`ylaymiz.
Hullas, hozirgidek ob-havo sabab ishga kech qolgan xodimlarga intizomiy jazo qo`llamaslik eng to`g`ri yo`l deb hisoblaymiz. Aksincha, bu vaziyatni hisobga olmagan ish beruvchilarning harakatlarini oqlash insofdan bo`lmaydi.






