22 dekabrdan Eronning "Qeshm Air" aviakompaniyasi Tehronni O`zbekistonning ikki shahri — Toshkent va Samarqand bilan bog`laydi. Bu haqda "UZBEKISTAN AIRPORTS" xaba bermoqda.
Parvozlarning ochilishi O`zbekiston va Eron rahbariyati o`rtasida, joriy yil sentyabr oyida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raiysining mamlakatimizga rasmiy tashrifi chog`ida erishilgan kelishuvlar samarasi bo`lgan. Xususan, tashrif davomida Eron va O`zbekiston o`rtasida bir qator viza tartib-taomillarini soddalashtirish va sayyohlik oqimini kuchaytirishga qaratilgan turizm sohasida hamkorlik dasturi qabul qilindi.
Ta`kidlanishicha, 22 dekabrdan "Tehron — Toshkent — Olma-Ota-Tehron" va "Tehron — Samarqand — Tehron" yo`nalishlarida to`g`ridan-to`g`ri muntazam qatnovlar yo`lga qo`yilmoqda. Parvozlar qulay "Airbus 320" samolyotlarida, dastlab haftasiga bir marta amalga oshiriladi. Keyinchalik, yo`lovchilar tomonidan yo`nalish ijobiy qabul qilinsa, reyslar sonini ko`paytirish rejalashtirilmoqda.
1993 yilda tashkil etilgan "Qeshm Air" — shtab-kvartirasi Tehronda joylashgan Eron aviakompaniyasi bo`lib, mahalliy va xalqaro, shuningdek, charter yo`lovchi reyslarini amalga oshiradi.






