Adliya vazirligi tadbirkor davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinganidan so`ng tadbirkorlik faoliyatini to`xtatib turish tartibini belgilab beruvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini muhokamaga qo`ydi.
Loyihada quyidagilar belgilanmoqda:
- davlat fuqarolik xizmatchisi o`zining biznesi mavjudligi haqida vakolatli organlarni xabardor qiladi va tadbirkorlik faoliyatini to`xtatib turishning shakllaridan birini tanlaydi;
- davlat fuqarolik xizmatchisiga o`zining mehnat faoliyatida manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`ymaslik bo`yicha majburiyat yuklatiladi;
- tadbirkorlik faoliyatini to`xtatib turish holati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan monitoring qilib boriladi;
- o`zining biznesi mavjudligi faktini yashirganlik holatlari aniqlanganda, davlat fuqarolik xizmatchisiga 10 kun muddat beriladi va xizmatchi ushbu muddat ichida tadbirkorlik faoliyatini to`xtatadi yoki davlat xizmatidagi faoliyatini yakunlaydi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyatini to`xtatib turishning quyidagi shakllaridan birini tanlaydi:
- agar davlat fuqarolik xizmatchisi xususiy korxona mulkdori bo`lsa, korxonadagi rahbarlik vazifasini bajarib turishni boshqa jismoniy shaxs zimmasiga yuklash, ya`ni korxonani vaqtincha boshqaruvga berish bo`yicha qaror chiqarish;
- mol-mulkni ishonchli boshqaruvga topshirish;
- Fuqarolik qonunchiligiga asosan ishonchli boshqarish ob`ektlari korxonalar va boshqa mol-mulk komplekslari, ko`chmas mulkka mansub bo`lgan alohida ob`ektlar, qimmatli qog`ozlar, alohida huquqlar va boshqa mol-mulkdan iborat bo`lishi mumkin;
- tadbirkorlik faoliyati sub`ektining muassislari (ishtirokchilari) tarkibidan ixtiyoriy ravishda chiqish.
Davlat xizmatiga kirganda o`z biznesini ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti ko`pchilik xorijiy davlatlarda (Qozog`iston, Gruziya, Rossiya, Kanada, Janubiy Koreya) yo`lga qo`yilgan.
Davlat fuqarolik xizmatchisi o`zi ishlaydigan davlat organining nazorat ostidagi tashkilot ulushlariga egalik qilayotgan bo`lsa, mol-mulkni ishonchli (vaqtincha) boshqaruvga berilishiga yo`l qo`yilmaydi. Bunday hollarda xizmatchi ularni realizasiya qilishi yoki davlat xizmatidan ketishi kerak bo`ladi.






