Konstitusiya so`zi keng tarqalgan xalqaro termin bo`lsada, bosh qonunni nomlashda ayrim davlatlar o`z milliyliklarini saqlab qolishgan.
Xususan, 1949 yil 23 mayda qabul qilingan "Grundgesetz" Germaniya Federativ Respublikasining Konstitusiyasi hisoblanadi.
1982 yilda qabul qilingan, muqaddimasi “Turk vatani va millatining abadiy mavjudligini hamda yuksak turk davlatining ajralmas birligini tasdiqlagan ushbu Konstitusiya” deya boshlangan "Türkiye Cumhuriyeti Anayasası"(Turkiya Respublikasi Konstitusiyasi) Turkiyaning asosiy qonunidir.
"Bhāratīya Saṃvidhāna" Hindistonning oliy qonuni (Konstitusiyasi) bo`lib, u 73 yil oldin qabul qilingan. Konstitusiyaning hajmi juda katta (400 sahifadan ko`proq) ekanligi bu uning asosiy muammosidir. Mana necha yildirki OAVda hind maktablarida bolalarga davlat Konstitusiyasini qanday qilib o`rgatish mumkinligi to`g`risidagi baxslar tinganicha yo`q.
"Suomen perustuslaki" (Finlyandiya Konstitusiyasi) 1917 yilda Finlyandiya o`z mustaqilligini e`lon qilganidan ikki yil o`tib qabul qilingan Finlyandiyaning oliy hujjatdir. Ayni damda amalda bo`lib turgan Finlyandiya Konstitusiyasi 2000 yil 1 martda kuchga kirgan.
Eng “kenja” va “otaxon” Konstitusiyalar
Ayni paytda amalda bo`lib turgan konstitusiyalar ichida eng yoshi kattaci bu AQSh Konstitusiyasidir. U bundan 234 yil muqaddam, 1788 yilning 21 iyunida qabul qiligan bo`lib, shu kunga qadar 27 marta o`zgartirish kiritilgan. Oxirgi o`zgartirish 1992 yilda kiritilgan bo`lib, unga ko`ra Kongress a`zolarining ish haqini oshirish yoki kamaytirishni nazarda tutuvchi har qanday qonun keyingi saylovlargacha kuchga kirmaydi.
Amaldagi konstitusiyalar orasida eng “kenjasi” bu Kuba Konstitusiyasi bo`lib, 2019 yilda kuchga kirgan. Ushbu konstitusiya 12,893 ta so`z yoki jami 229 ta moddadan iborat.
Hajmi jihatidan dunyodagi eng katta Konstitusiya bu Hindiston Konstitusiyasidir. Konstitusiyaning asl matni 22 qism, 448 ta modda va sakkizta jadvaldan iborat. 1950 yil 26 yanvarda qabul qilinganidan to shu kunga qadar unga 105 marta o`zgartirishlar kiritilgan.
Eng kichkina konstitusiya 1962 yilda qabul qilingan va haligacha amalda bo`lgan Monako Konstitusiyasi bo`lib, u 3,814 ta so`z yoki 97 ta moddadan iborat.
O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi esa muqaddima, olti bo`lim, 26 ta bob va 128 ta moddadan yoki 7,586 ta so`zdan iborat.
“Yozilgan” va “yozilmagan” Konstitusiyalar
Yozilgan Konstitusiya deganda biror bir davlatda eng oliy yuridik kuchga ega bo`lgan, tizimlashtirilgan qoidalarni o`zida aks ettirgan yagona hujjat tushuniladi. Masalan, AQSh, Germaniya, Qozog`iston, O`zbekiston va boshqa ko`plab davlatlarning Konstitusiyalari yozilgan Konstitusiyalar hisoblanadi.
Shu bilan bir qatorda ayrim huquqshunos olimlar yozilmagan Konstitusiya atamasidan ham foydalanishadi. Yozilmagan Konstitusiya deganda qog`ozda yozma shaklda o`z aksini topmasdan, og`zaki shaklda bayon etilgan Konstitusiyalarni tushanmaslik kerak. Bu o`rinda “yozilmagan” so`zi davlatdagi asosiy qoidalarning yagona Konstitusiya ko`rinishidagi hujjatga birlashtirilmasdan, balki tarqoq holdagi qonunlar shaklida amalda bo`lishini anglatadi. Dunyoda bunday davlatlar soni u qadar ko`p bo`lmasada, biroq ular mavjud.
Xususan, Buyuk Britaniyada yagona Konstitusiya mavjud emas. Qirollikda 300 ga yaqin normativ harakterdagi hujjatlar Konstitusiya vazifasini bajarib kelmoqda.
Yangi Zelandiyada ham yagona Konstitusiya hujjati yo`q. 1986 yilgi Konstitusiya akti, Parlament aktlari va sud qarorlari "yozilmagan konstitusiya" vazifasini bajaradi.
Kanadada 1982 yilgi Kanada qonuni, 1867 yilgi Konstitusiya to`g`risidagi qonun, ularga kiritilgan tuzatishlar va 1982 yil Konstitusiyaviy qonunning 52 (2) bo`limida keltirilgan aktlar
va buyruqlar Konstitusiya vazifasini bajaradi.
Isroil 1950 yil 30 iyundagi Harari qaroridan beri yozma konstitusiyasiz ishlamoqda. Mamlakatda 1948 yilda mustaqillik e`lon qilinganidan beri rasmiy yozma konstitusiyaga ega bo`lishga bir necha bor urinishlar bo`lgan, ammo ushbu urinishlar samara bermagan. Hozirgi vaqtda Isroilda yarim konstitusiyaviy maqomga ega bo`lgan asosiy qonunlar tizimi rivojlanmoqda.
Saudiya Arabistonda asosiy qonun sifatida Qur`oni Karim va payg`ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning sunnatlari amal qiladi. Hukmdorlar tomonidan chiqarilgan qirollik farmonlari intellektual mulk va korporativ qonunlar kabi zamonaviy masalalarni hal qiladi.
Bektursun Murodqosimov, huquqshunos.