AsosiyJamiyat

Xalqaro ekspertlar bilan birgalikda Tadbirkorlik kodeksi loyihasi muhokama qilindi

'Xalqaro ekspertlar bilan birgalikda Tadbirkorlik kodeksi loyihasi muhokama qilindi'ning rasmi

Joriy yilning 13 dekabr kuni Adliya vazirligida Germaniya Federal Adliya vazirligi huzuridagi Xalqaro-huquqiy hamkorlik jamg`armasi (IRZ) bilan hamkorlikda Tadbirkorlik kodeksi loyihasining ayrim masalalarini muhokama qilish uchun amaliy seminar tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi. 

Amaliy seminarda xorijiy ekspertlar, Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish uchun shakllantirilgan ishchi guruh a`zolari ishtirok etdi.

Seminarda tadbirkorlik subektlarini kichik, o`rta va yirik toifalarga ajratishning o`ziga xos xususiyatlari va tadbirkorlik sub`ektlarining tashkiliy-huquqiy shakllari (shirkatlar) mavzulari muhokama qilindi.

Ta`kidlanganidek, so`nggi 6-7 yilda tadbirkorlik sub`ektlari uchun ma`muriy va soliq yukini kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, asosiysi biznes yuritishdagi byurokratik to`siqlarni olib tashlashga qaratilgan qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Misol uchun, o`tgan bir yil davomida biznes muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni qo`llab quvvatlashga qaratilgan birgina O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 70 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi.

Natijada, soliq va ma`muriy yukning kamaytirilishi, shuningdek qo`shimcha imtiyoz va kafolatlarning taqdim etilishi evaziga tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik sub`ektlari soni 5 mingtaga ortdi, yana ming nafar tadbirkorlar tovar aylanmasini 1 milliondan 10 million dollargacha etkazdi.

Shuningdek, 220 nafar tadbirkorning tushumlari 100 million dollarga etib, umumiy eksport hajmi 30 foizga ko`paydi.

Bugungi kunda, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va nihoyatda ko`p – 5000 ga yaqin. 

Tizimlashtirishdan asosiy maqsad sohadagi eng asosiy qonunlarni birlashtirish va tadbirkorlikning fundamental huquqiy ustunlarini belgilab olish hisoblanadi.

Albatta, Kodeks qabul qilinganidan so`ng ham tadbirkorlik yo`nalishidagi qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi davom etadi tabiiy. Biroq, ularning barchasi Kodeksdagi fundamental qoidalarga muvofiq bo`lishi lozim.

Shuni alohida qayd etish kerak, Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqishga 3 yilga yaqin vaqt sarflandi. Loyihani ishlab chiqishda nafaqat milliy ekspertlarimiz, balki xalqaro ekspertlar ham jalb qilindi, 5 oydan ortiq jamoatchilik muhokamasidano`tkazildi. 

Aynan tadbirkorlarning takliflari, ularni qiynab kelayotgan tizimli muammolarni o`rganish uchun respublika darajasida ishchi guruhlar tashkil etilib, respublikamizning barcha hududlarida tadbirkorlar bilan Kodeks loyihasi muhokama qilindi.

Jamoatchilik, tadbirkorlar va soha ekspertlari bilan o`tkazilgan muhokamalar natijasida 1500ga yaqin takliflar kelib tushdi hamdaloyihada korrupsiyaviy omillarning mavjudligi, gender tenglikka ta`siri va boshqa masalalar bo`yicha o`tkazilgan so`rovnomalarda 1200 dan ortiq fuqarolar ishtirok etishdi.

Kelib tushayotgan takliflar asosan, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, kredit ajratish, tekshiruvlar, soliq sohasida berilgan.

Bundan tashqari, Kodeks loyihasi 8 ta etakchi xalqaro tashkilotlarga, jumladan USAID, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Evropa va tiklanish taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Germaniyaning “BerlinEconomics” iqtisodiy guruhi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga taqdim etilgan bo`lib, ushbu tashkilotlardan ekspertiza natijalari bo`yicha xulosa va takliflar kelib tushdi.

Bugungi kunda ushbu takliflar asosida Tadbirkorlik kodeksi loyihasi mutaxassislar tomonidan o`z maromiga etkazilmoqda.

Kodeksni ishlab chiqishda asosiy urg`u tadbirkorlik sohasida yagona yondashuvni belgilashga, tadbirkorning huquqiy himoyasiga, byurokratiya va ma`muriy yukni, shu jumladan davlat organlarining biznesga aralashuvini keskin kamaytirishga hamda biznes vakillarini qo`llab-quvvatlashga qaratildi. Xususan:

– tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi 16 ta asosiy prinsiplar jumladan, tadbirkorlikning erkinligi, tadbirkorlar faoliyatiga davlatning noqonuniy aralashishiga yo`l qo`ymaslik, tadbirkorlik sub`ektlari huquqlarining ustuvorligi belgilandi;

– tadbirkorlik sub`ektlari kichik, o`rta va yirik toifalarga ajratildi;

– tadbirkorlarlik faoliyatidagi amaldagi tekshiruvlar soni 
2 baravar qisqartirilib, Kodeks bilan tekshiruvlarning qat`iy ro`yxati belgilandi;

– tadbirkorlikni davlat tomonidan aralashuvi keskin qisqartirilib, uning aniq chegaralari belgilandi.

Ekspertlarning so`ziga ko`ra, ushbu Kodeks tadbirkorning qo`lida yagona kompakt huquqiy me`yorlar to`plamiga aylanib, har doim tadbirkorning yonida yuradigan hujjat bo`ladi.

 

 

 

    Boshqa yangiliklar