Prezident yig`ilishida kun tartibidagi asosiy masala – aholini daromadli mehnat bilan band qilish bo`yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.
Yil boshidan tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo`jaligi, xizmat ko`rsatish kabi sohalarda 2 million aholining doimiy bandligi ta`minlandi. Bundan tashqari, 4 milliondan ziyod aholi mavsumiy mehnat orqali daromadli bo`ldi. Jumladan:
- oilalarga dehqonchilik uchun tarqatilgan 100 ming gektar erlarda, 1 million 200 ming aholi doimiy va mavsumiy band bo`ldi.
- hududlarda korxonalar 85 mingtaga ko`payib, ularning soni 550 mingtaga etdi. Buning hisobiga 2022 yilda daromad solig`i to`layotgan rasmiy band bo`lganlar soni 400 mingtaga oshdi. Shuningdek, 3,5 mingta sanoat loyihasi ishga tushirilib, 160 mingta doimiy ish o`rni yaratildi;
- Yangi O`zbekiston massivlari qurilayotgani, ipoteka va qurilish bozori kengaygani hisobiga bu yilning o`zida 4,5 mingta yangi qurilish korxonasi tashkil etildi va 135 ming doimiy ish o`rni yaratildi;
- turizm va servis sohalarida yirik xizmat ko`rsatish markazlari ishga tushgani, servis-savdo ko`chalari, turizm qishloqlari tashkil qilingani, ijtimoiy soliq 1 foiz qilingani, ish vaqtiga cheklovlar olib tashlangani hisobiga 1,5 million aholi qo`shimcha daromadli bo`ldi;
- yo`lovchi tashish, rieltorlik, duradgorlik, kulolchilik, uyda sut mahsulotlari tayyorlash kabi 79 ta faoliyat turi bo`yicha o`zini o`zi band qilish imkoniyati yaratilgani natijasida bu yili 914 ming nafar fuqaro ro`yxatdan o`tib, o`zini o`zi band qilganlar soni 2 millionga yaqinlashdi.
Yaqinda Sirdaryo, Navoiy va Farg`ona viloyatlari hokimlari hisob-kitoblar bilan keyingi yilda “ishsizlikdan holi hudud”ga aylantirish bo`yicha o`ziga majburiyat oldi.
Boshqa viloyat, tuman va shahar hokimlari ham 20 dekabrgacha kelgusi yil aholini band qilish dasturini qabul qilishi shartligi ta`kidlandi.
Yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim hududlarda aholi bandligini ta`minlash ko`rsatkichlari yaxshi emasligi ko`rsatib o`tildi.
2022 yil davomida doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan.
Tegishli viloyat hokimlariga uch kun muddatda ushbu tuman hokimlarga nisbatan chora bo`yicha taklif berish topshirildi.
Xususiy sektorda faoliyat ko`rsatayotgan 232 mingta korxonada ishchilar soni bor-yo`g`i 1 nafarni tashkil qiladi. Bu degani, ular haliyam “yashirin iqtisodiyot” sharoitida ishlab, “konvert”da oylik to`lab kelmoqda.
Bunday holat 47 ta tumanda eng yuqori. Misol uchun, Nukus, Zarbdor, Mirishkor, Muzrabot, Kattaqo`rg`on tumanlarida – 80 foiz, Jondor, Koson, Urgut, Pastdarg`om, Uchqo`rg`onda – 75 foiz, Guliston, Namangan, Qo`shko`pir tumanlarida – 70 foiz korxonalarda 1 ta ish o`rni ko`rsatilgan.
Chakana savdo, yo`lovchi va yuk tashish, qishloq xo`jaligi xizmatlari, mehmonxona, oshxona, Ay-Ti, avtomobil ta`mirlash kabi faoliyatlar bo`yicha ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirilgan.
Ushbu 47 ta tumandagi korxonalarning yarmidan ko`pi aynan shu faoliyatlar bilan shug`ullanadi.
Lekin, bu tumanlardagi korxonalar adolatli soliq to`lash va davlat bilan hamkorlikka o`ta olmayapti.
Shuningdek, 25 yoshgacha bo`lganlarni ishga qabul qilganda, tadbirkorlar 6 oy davomida ijtimoiy soliqdan ozod qilindi.
"Bu imtiyozlar aynan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki berishga qaratilgan-ku!
Lekin, ushbu tumanlarning hokimi, birinchi o`rinbosari va soliq rahbari nima bilan band? Nima uchun, 70-80 foiz korxonalarida 1 nafardan xodim ishlayotgani bilan biror marta qiziqib ko`rmagan?", - so`radi davlatimiz rahbari.
Viloyat hokimlariga mas`ul idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda bu 47 ta tumanda so`rov o`tkazib, har biriga alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.






