Avval xabar qilganimizdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “2022 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko`rib chiqildi. Majlisda bosh moliyaviy hujjat loyihasi qizg`in muhokama qilinib, parlament vakillarining bergan savollariga Moliya vaziri T.Ishmetov, tegishli vazirlik va idoralarning mas`ullari atroflicha javob qaytardilar.
Xususan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligining aytishicha, davlat byudjetidan utilizasiya yig`imi uchun so`ralayotgan 224,5 mlrd so`m mablag` ikkita mahalliy ishlab chiqaruvchiga to`lab berilishi ko`zda tutilgan. Bular:
"UzavtoMotors" ga 137,5 mlrd so`m;
"SamAvto" ga 87 mlrd so`m.
Palata Majlisida deputat Doniyor G`aniev mazkur ikki monopol tashkilotga davlat byudjetidan utilizasiya yig`imi uchun shuncha mablag` ajratilishi nechog`lik maqsadga muvofiqligi haqida izoh so`radi.
"Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligiga ajratilgan 224,5 mlrd so`m UzAutoMotors'ga emas, balki mahalliy eksportyorlarning transport xarajatlari uchun ajratilgan", -dedi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirining birinchi o`rinbosari Ilhom Norqulov.
Deputat Doniyor G`aniev mas`ullarning javobidan qoniqmadi, e`tirozlarini bildirdi.
"Juda katta e`tiroz bildiraman javobga. Meni to`g`ridan-to`g`ri yolg`onchiga aylantiryapsiz. Bu erda hech qanaqa transport yoki tekstili sohadagi eksportyor haqida so`z ketmagan. Siz noto`g`ri talqin qilyapsizlar deb, meni yolg`onchiga chiqaryapsiz, Men vazir qo`l qo`ygan, aniq-tiniq qilib yozib qo`yilgan tushuntirish xatini o`qib beryapman. Nega siz boshqa talqinda deb javob berib, hammani chalg`ityapsiz. Nima keragi bor bunaqa yolg`onni? Undan ko`ra, to`g`risini aytaveringlar, deramiz denglar, e`tirozimiz yo`q, baribir berasizlar. Bu qanchalik to`g`ri hozirgi vaziyatda deb so`rayapsiz, xolos. Buning uchun yolg`on gapirib, gapni aylantirish kerakmas", dedi deputat G`aniev.
Majlisda UzAutoMotors'dan biror vakil bor-yo`qligini so`rashdi, izlashdi, ammo hech qanday vakil ishtirok etmagani ma`lum bo`ldi.






