AsosiyJamiyat

10 ming nafar bolaga mo`ljallangan “Prezident sovg`asi”ning dastlabki karvoni Toshkentdan jo`nab ketdi

'10 ming nafar bolaga mo`ljallangan “Prezident sovg`asi”ning dastlabki karvoni Toshkentdan jo`nab ketdi'ning rasmi

Bugun Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo`lida qurbon bo`lgan bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun “Prezident sovg`asi”ning dastlabki karvoni Toshkent shahridan jo`nab ketdi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi xabar berdi. 

Ma`lum qilinishicha, “Prezident sovg`asi” joriy yilning 29-30 dekabr kunlari  hududiy hokimliklar tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.

3 dan 15 yoshgacha bo`lgan 10 ming nafar bolaga mo`ljallangan “Prezident sovg`alari” tarkibiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yo`llangan Yangi yil bayrami tabrigi, 14 turdagi shirinliklar, 3 turdagi o`quv qurollari, elektron kitob, termos va shaxmat jihozlari kiritilgan.

Shuningdek, joriy yilda mazkur sovg`alar tarkibiga Mehribonlik uylari, Oilaviy bolalar uylari, SOS bolalar mahallalari hamda “Mehrli maktab”ning 12 yoshdan katta bo`lgan 1095 nafar tarbiyalanuvchilari uchun zamonaviy elektron kitoblar ham kiritildi.

Qayd etilganidek, “Prezident sovg`asi” mamlakatimizning 10 ta hududi — Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Andijon, Farg`ona, Namangan viloyatlariga "O`zbekiston havo yo`llari" orqali, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlariga hududiy Davlat yo`l harakati xavfsizligi boshqarmalari kuzatuvi ostidagi avtotransport vositalarida etkazilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar