Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga etmagan shaxs bilan IIO xodimi o`rtasidagi og`zaki mojaro aks etgan video tarqaldi.
Turli muhokamalarga sabab bo`layotgan ushbu videohavola yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 18 dekabr kuni taxminan soat 14.30 larda voyaga etmagan 2007 yilda tug`ilgan Yu.S. “102” raqamiga qo`ng`iroq qilib, Bektemir tumanidagi savdo majmualaridan birida qandolat mahsulotlari xodimlari bilan o`zaro janjallashgani yuzasidan xabar bergan. Mazkur xabar yuzasidan etib kelgan tuman IIO FMB PPX xodimlari voyaga etmagan Yu.S.ga nisbatan qo`pollik qilgan.
Toshkent shahar IIBB rahbariyati fuqarolarga nisbatan xodimlar tomonidan qo`pol muomalada bo`lish holatlarini qoralaydi. Videodagi holat yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruv tayinlandi, qisqa muddat ichida xizmat tekshiruvi yakunlanib, aybdor xodimlarga nisbatan qat`iy chora ko`rilishi ta`minlanadi, deyiladi xabarda.






