AsosiyJamiyat

Vazirlik va idoralarning bo`sh binolari ularning roziligisiz kim oshdi savdosiga qo`yiladi

'Vazirlik va idoralarning bo`sh binolari ularning roziligisiz kim oshdi savdosiga qo`yiladi'ning rasmi

Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo`sh turgan davlat ko`chmas mulk ob`ektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi.

Mazkur Nizom vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo`lgan, 3 oydan ortiq muddat davomida foydalanilmasdan bo`sh turgan davlat ko`chmas mulk ob`ektlarini (bundan ijtimoiy soha ob`ektlari mustasno) ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibini belgilaydi.

Ijaraga beruvchi tomonidan ob`ektlarni aniqlash maqsadida doimiy ravishda xatlov o`tkaziladi. Xatlov davomida aniqlangan ob`ekt 1 ish kuni ichida axborot tizimiga kiritiladi.

Ijaraga beruvchi ob`ekt haqidagi ma`lumotlarni axborot tizimiga kiritgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida ob`ektning balansda saqlovchisiga ogohlantirish xati yuboradi.

Unda balansda saqlovchi tomonidan ob`ektdan 3 oy muddatda samarali foydalanilishi hamda bu haqda ijaraga beruvchiga ma`lumot taqdim etilishi, shuningdek ushbu talabga rioya qilinmagan taqdirda, ob`ekt belgilangan muddat o`tganidan so`ng ijaraga berish yoki sotish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishi ko`rsatiladi.

Ob`ektni sotish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish to`g`risidagi qaror quyidagilar tomonidan qabul qilinadi:

— binolari va inshootlarining umumiy maydoni 2000 kvadrat metrgacha bo`lgan va strategik ahamiyatga ega bo`lmagan ob`ektlar bo`yicha – Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari;

— binolari va inshootlarining umumiy maydoni 2000 kvadrat metrdan ortiq, ammo 5000 kvadrat metrdan ko`p bo`lmagan va strategik ahamiyatga ega bo`lmagan ob`ektlar bo`yicha – Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari;

— binolari va inshootlarining umumiy maydoni 5 000 kvadrat metrdan ortiq va strategik ahamiyatga ega bo`lgan ob`ektlar bo`yicha prezident, Vazirlar Mahkamasi hamda Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o`tkazish bo`yicha davlat komissiyasi.

    Boshqa yangiliklar