Kattaqo`rg`onlik 2 nafar fuqaroning "Kadan" chorrahasida joylashgan do`konlari tuman hokimining qarori bilan buzib tashlanib, o`rniga kompensasiya puli to`lab berilmagani aniqlandi. Kompensasiya pulining umumiy qiymati 160 million so`mdan oshadi.
Kattaqo`rg`onlik fuqaroning go`sht do`koni tuman hokimining qarori bilan buzib tashlanib, do`kon o`rniga kompensasiya puli to`lab berilmadi. Fuqaro S.A. hokimlikning mazkur xatti-harakatlaridan norozi bo`lib, Kattaqo`rg`on tuman adliya bo`limiga yozgan murojaati o`rganilganda to`lanishi lozim bo`lgan kompensasiya puli inflyasiyani hisobga olib jami 71 million 58 ming 593 so`mni tashkil etishi ma`lum bo`ldi.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori talablari asosida Kattaqo`rg`on tuman hokimining 2019 yil 25 fevraldagi 1034-Q-sonli qarorining 3-bandida kapital rekonstruksiya qilish va qayta qurish jarayonida hududda joylashgan turar-joy binolarni o`rnida zamonaviy loyihalar asosida ko`p qavatli uy-joylar qurilishi munosabati bilan ishchi guruh tomonidan buzilishga tushgan binolarni xatlovdan o`tkazish, ularni amaldagi tartibga ko`ra baholatish hamda kompensasiya to`lovlarini qonunchilikda belgilangan tartibda hal etish belgilangan bo`lsa-da, biroq ishchi guruh tomonidan yuklatilgan vazifalar bajarilmagan.
Tuman adliya bo`limi tomonidan murojaat batafsil o`rganilib, murojaatda ko`rsatilgan masalalar o`z tasdig`ini topdi. Shuningdek, mazkur masalada hokimlikka fuqaroga tegishli buzilgan go`sht do`koni o`rniga qancha er maydoni ajratilgani va kompensasiya to`langanligi to`g`risida kiritilgan so`rov xatiga yozma ma`lumot taqdim etilmagan. Bundan tashqari, Kadastrlar palatasi tuman bo`limi tomonidan taqdim etilgan xatda ham ushbu fuqaroning buzilgan do`koni o`rniga er maydoni ajratilgani to`g`risida ma`lumot mavjud emasligi bayon qilingan. Bundan ko`rinadiki, bir fuqaroning huquqlari ochiq-oydin buzilgan. Agar u adliyaga murojaat qilmaganida qonuniy haq-huquqlari buzilganicha qolardi.
Huddi shunday holat fuqaro G`.H bilan ham takrorlangan. Uning "Kadan" chorrahasida joylashgan savdo do`koni buzilib, tegishli kompensasiya puli qoplab berilmagan.
Fuqarolarning manfaatlarini ko`zlab, Kattaqo`rg`on tuman adliya bo`limi Fuqarolik ishlari bo`yicha Kattaqo`rg`on tuman sudiga da`vo arizasi kiritdi va sud ishni batafsil ko`rib chiqib, arizani qanoatlantirish, fuqaro S.A. foydasiga 71 million 58 ming 593 so`m, G`.H. foydasiga 89 million 220 ming 315 so`m kompensasiya pullarini undirish haqida qaror qabul qildi.
Adolat qaror topadi, deb bejizga aytishmaydi. O`z qonuniy haq-huquqlarini biluvchi, shuning barobarida qonun talablari ustun bo`lishini istagan insonlar bor ekan, qonun ustuvorligi namoyon bo`lib boraveradi.
22.12.2022 12:38
Kattaqo`rg`on hokimligi shu kungacha 160 mln so`mdan ziyod kompensasiya pullarini to`lamay kelganligi fosh bo`ldi






