Xitoy sog`liqni saqlash milliy komissiyasi COVID-19 bilan kasallanish holatlari bo`yicha kunlik statistikani e`lon qilishni to`xtatdi. Reuters agentligiga ko`ra, ushbu ma`lumotlar aksariyat hollarda ishonchsiz bo`lib chiqmoqda. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Komissiya bundan buyon statistika Xitoyning kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi tomonidan e`lon qilinishini ma`lum qilgan.
Dekabr oyida rasmiy Pekin koronavirusga qarshi kurash strategiyasini o`zgartirganidan keyin mamlakatda kasallanish holatlari keskin ko`paygan. Shunga qaramay, Xitoy sog`liqni saqlash milliy komissiyasi so`nggi to`rt kunda o`lim holatlari haqida umuman ma`lumot bermagan. Shuningdek, xitoyliklar COVID-19 bilan bog`liq o`limni belgilashi shartlari ham o`zgardi: endi nafas etishmovchiligi oqibatida vafot etganlargina koronavirus oqibatida halok bo`lgan deb tan olinadi.
O`tgan hafta Britaniyaning Airfinity tadqiqot kompaniyasi Xitoyda kuniga millionga yaqin odam koronavirusga chalinayotgani va 5 ming kishi infeksiya qurboni bo`layotganini ma`lum qilgandi.
Dekabr boshida ko`plab hududlarda bo`lib o`tgan norozilik namoyishlari oqibatida mamlakatda umumiy PZR-test topshirish tizimi bekor qilingandi. Bundan tashqari, bir provinsiyadan ikkinchisiga o`tishda ham majburiy PZR talabi bekor qilingan.






