Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumanining Vatak mahallasida ayol yosh bolasini shafqatsiz kaltaklayotgani aks etgan video tarqalmoqda. Xabarda qayd etilishicha, ayolning qaynonasi kelini hali yosh nevaralarini doimiy ravishda qattiq kaltaklayotgani, o`ldirib qo`yishidan qo`rqayotganini ma`lum qilgan. Bolasini kaltaklayotgan ayolning so`zlaridan u turmush o`rtog`idan shu yo`l bilan qasd olishga uringani ko`ringan.
Videoda bolaning burnidan qon kelgani, shunga qaramasdan, ona uni urayotgani aks etgan. "Tomosha qil, haymi, kayf qil… Seni kasringga bachalaring em bo`ladi. Ko`rib tomosha qil, mana boshlandi, sening qilgan qiliqlaring uchun boshlandi", — deya erda yotgan bolani ko`tarib, erga urgan.
Holat yuzasidan Urgut tuman hokimligi ma`lumot taqdim etdi. Qayd etilishicha, mazkur voqea shu kunning o`zida tegishli mas`ullar tomonidan o`rganilib, ona hamda uning farzandini sog`lig`i va ruhiy holati mutaxassislar nazoratiga olingan.
"Holatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan huquqiy baho beriladi", - deyiladi xabarda.