AsosiyJamiyat

Senat 2023 yilga mo`ljallangan Davlat byudjetini ma`qulladi

'Senat 2023 yilga mo`ljallangan Davlat byudjetini ma`qulladi'ning rasmi

Senatning 36-yalpi majlisida “2023 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonun ko`rib chiqildi.

Mazkur Qonun bilan 2023 yil uchun O`zbekiston Respublikasi Konsolidasiyalashgan byudjetining jamlanma parametrlari hamda 2024–2025 yillar uchun byudjet mo`ljallari belgilangan.

Ta`kidlanishicha, Qonunga ko`ra, 2023 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning o`sish sur`atlari 5,3 foizni va iste`mol narxlari indeksi 2022 yilning dekabr oyiga nisbatan 9,5 foiz miqdorida bo`lishidan kelib chiqib, Davlat byudjeti parametrlari hisob-kitob qilingan.

O`zbekiston Respublikasi Konsolidasiyalashgan byudjetining daromadlari 2023 yilda 310,7 trln so`mni hamda xarajatlar 343,2 trln so`mni tashkil etishi kutilmoqda.
Qonun bilan 2023 yil uchun O`zbekiston Respublikasi (O`zbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va O`zbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo`yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd AQSh dollari miqdorida etib belgilanmoqda.

2023 yilgi Davlat byudjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamg`armalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga) 257,7 trln so`mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni tashkil qilmoqda.

Senatorlar Davlat byudjetining ijtimoiy sohaga yo`naltirilayotgan mablag`lar miqdoriga jiddiy e`tibor qaratdilar. Qayd etilganidek, ta`lim sohasi xarajatlari 58,4 trln so`m, sog`liqni saqlash sohasiga 28,4 trln so`m, madaniyat sohasiga 2,5 trln so`m, sport sohasiga 2,3 trln so`m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 2023 yilda 1,8 trln so`m yo`naltirish belgilangan.

2023 yil uchun Davlat byudjetida aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yo`nalishlarini moliyalashtirish uchun 18,1 trln so`m ajratiladi.

Shu bilan birga kelgusi yilda jami 52 mingdan ortiq daromadi yuqori bo`lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti bo`yicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan 1,1 trln so`m subsidiyalar to`lab berilishi ko`zda tutilgan.

Iqtisodiyotga ajratilishi rejalashtirilayotgan xarajatlar 36,7 trln so`mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,4 foizni, jami xarajatlarning 14 foizini tashkil etib, bu mablag`lar asosan tomchilatib sug`orish, geologik qidiruv ishlarini va aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda uy-joy kommunal xizmatlari bilan bog`liq xarajatlarni moliyalashtirishga yo`naltirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur Qonun Senat a`zolari tomonidan ma`qullandi.

Eslatib o`tamiz, Oliy Majli Qonunchilik palatasining eng faol deputati Rasul Kusherbaev davlat byudjeti muhokamasiga bag`ishlangan parlament yig`ilishidagi holatlardan so`ng o`z deputatlik faoliyatini to`xtatishga qaror qilganini e`lon qilgan ei. Uning bu qarori ortidan  Toshkent shahar xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining O`zLiDeP partiyasidan deputat Nuriddin Zaynitdinov ham o`z xohishiga ko`ra deputatlik faoliyatini yakunlaganini ma`lum qildi. Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev Kusherbaevning ketish qaroriga munosabat bildirar ekan bu Parlament uchun katta yo`qotish bo`lishidan afsuslangan edi. 

    Boshqa yangiliklar