Sog`oiqni saqlash vazirligi o`zining telegramdagi rasmiy sahifasida paqildoqlar inson hayoti uchun qanchalik xavfli ekanligini ma`lum qilib, mutaxassis fikrini qoldirdi.
Otabek Ikromov,
Respublika ko`z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori:
— Har yili Yangi yil arafasida va bayramdan keyingi kunlarda “paqildoq” va salyutlardan olingan jarohatlar tufayli birgina bizning shifoxonamizga yuzga yaqin og`ir ahvoldagi bemorlar murojaat qiladi.
Yuz, qo`l sohalarida og`ir kuyish, ko`zlar shikastlanishi va ko`rish faoliyati qisman yoki butunlay buzilishi kuzatiladigan bunday bolalar, afsuski, tegishli muolajalardan keyin ham qator asoratlardan aziyat chekmoqda. Hatto bemorlardan bir qismi lahzalik zavq uchun umrbod nogironlikka mahkum bo`lyapti.
Ko`zning pirotexnika vositalari ta`sirida kuyishi bir necha darajaga bo`linadi:
I daraja(engil kuyish)da ko`z terisi va shilliq qavati qizarishi, shishishi, eroziyalangan yuzalar shox pardada paydo bo`lishi kuzatiladi. Bu alomatlar ko`rish qobiliyatining pasayishiga olib keladi.
II daraja(o`rtacha kuyish)da ko`z shox pardasi va kon`yunktivasida pufakchalar hamda shox parda yuzasida xiralashish paydo bo`ladi .
III daraja(og`ir kuyish)da shox pardaning chuqur xiralashishi, qovoqlar nekrozi yuz beradi.
IV daraja(o`ta og`ir kuyish) barcha ko`z to`qimalarining chuqur nekrozi bilan kechadi.
Shulardan kelib chiqib, ota-onalar va aziz farzandlarimizni yana bir bor ogohlikka chaqiramiz.






