Ijtimoiy tarmoqlarda "Dok-1 MAKS" voqeasini fosh qilgan tibbiyot xodimlari o`z vazifasidan ozod etilgani haqida xabar bergan edik.
Samarqand viloyatida kuzatilgan holat bo`yicha vazifasidan ozod etilgan 7 nafar tizim mutasaddisi va tibbiyot xodimi o`z vaqtida SSVga xabar bermagan.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig`i Sevara Ubaydullaevaning ma`lum qilishicha, Sog`liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi tomonidan o`tkazilgan o`rganishda bolalarda kuzatilgan holat boshlanganiga 2 oydan oshganligi o`z tasdig`ini topgan.
"Vaholanki, tizimga doir har bir favqulodda holat bo`yicha shu kunning o`zida vazirlikka tezkor ma`lumot taqdim etish zarurligi to`g`risida tegishli me`yoriy hujjat va talablar mavjud. Shunga qaramay, bu xodimlar 2 oydan beri bu holat to`g`risida Sog`liqni saqlash vazirligiga xabar bermagan", — dedi Sevara Ubaydullaeva.
Oqibatda juda katta vaqt boy berilgan. Ya`ni bolalar o`rtasida noaniq holatlar yuz bergach, zudlik bilan bu bo`yicha to`g`ridan-to`g`ri Sog`liqni saqlash vazirligiga xabar berilmagan.
Hududiy sog`liqni saqlash boshqarmasiga ham mazkur holat yuzasidan juda kech rasmiy xat kiritilgan. Shu sababli qonunchilikda berilagangan tartibda tegishli choralar ko`rildi va o`rganishlar davom etmoqda.






