AsosiyJamiyat

Bayram kunlari tibbiyot muassasalari ishlaydimi?

'Bayram kunlari tibbiyot muassasalari ishlaydimi?'ning rasmi

SSV axborot xizmatining ma`lum qilishicha, davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga ko`ra, Yangi yil bayramida yurtdoshlarimiz 31 dekabrdan 4 yanvargacha ketma-ket 4 kun dam oladi. Ana shu davrda quyidagi davolash-profilaktika muassasalarining 40 ming nafar tibbiyot xodimi qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga xizmat ko`rsatadi:

- 1049 ta oilaviy poliklinika,
- 1080 ta oilaviy shifokor punkti,
- tuman, viloyat va respublika shifoxonalari,
- ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, 
- tibbiyot oliy o`quv yurtlari klinikalari.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi 181 ta shoshilinch tibbiy yordam qabul bo`limi hamda tumanlararo qo`shma shikastlanishlar va o`tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta`minlanib, zaxira o`rinlari yaratilgan.

Yurtimiz bo`yicha 2755 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo`ladigan chaqiriqlar asosida kunu tun xizmat ko`rsatadi.

Bundan tashqari, 227 ta tug`uruq, 245 ta bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ish olib boradi. 

Shu kabi respublika Call-markazi (1003) orqali tibbiyotga tegishli savollaringizga malakali mutaxassislardan kechayu kunduz javob olishingiz mumkin. 

Shuningdek, sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan bo`limlarida ham 24 soat davomida navbatchi shifokor, vrach-laborant va yordamchi xodimlar faoliyatini davom ettiradi. 

Sog`liqni saqlash vazirligi bayram kunlarida mehnat qiladigan barcha tibbiyot xodimlariga o`z minnatdorligini bildiradi, deyilgan xabarda.

    Boshqa yangiliklar