Ijtimoiy tarmoqlarda shu xususda e`lon qilingan video yuzasidan O`zbekiston Respublikasi IIV JXD Yo`l harakati xavfsizligi xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, o`tgan yil 1 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi IIV JXD YHXX boshlig`i va Tez tibbiy yordam xizmati markazi rahbari hamda O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi avtotransport bo`limi mas`ul xodimlari ishtirokida tez tibbiy yordam avtomobillarining maxsus foto-video fiksasiya moslamalari orqali qayd etilgan yo`l harakati qoidalarini buzish holatlari bo`yicha kelib chiqayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan uchrashuv tashkil etilib, ishchi guruhi tuzilgan.
Tez tibbiy yordam avtomobilining haydovchisi Yo`l harakati qoidalarining 25-bandi asosida belgilangan tartibda ayrim qoidalarning talablaridan chetga chiqishi mumkin. Bunday holatda maxsus kameralar orqali avtomobil qayd etilgan taqdirda kechiktirib bo`lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning ma`muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi va ma`muriy ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.
Hozirda, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video batafsil o`rganilmoqda. Natijasi bo`yicha qo`shimcha ma`lumot beriladi, deyiladi Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi xizmati xabarida.






